Qirg‘izistonning Jalolobod shahrida to‘yga tashrif buyurgan mehmonlar militsionerlarga hujum uyushtirdi va ularning patrul mashinasiga zarar yetkazdi. Bu haqda Kaktus media xabar bermoqda.

Foto: Kaktus media

Xabarda qayd etilishicha, to‘yga tashrif buyurgan mehmonlar o‘z quvonchini baralla namoyon etgan. Huquq-tartibot organlari xodimlari esa ularni tartibga chaqirgan. Mazkur xatti-harakatga javoban 10 kishi militsionerlarga tashlangan.

Ichki ishlar xodimlari sarxush olomonni tinchlantirish uchun havoga o‘q uzgan, biroq bu yordam bermagan.

Militsionerlar janjal tashkilotchilaridan birini olib ketmoqchi bo‘lganida uning tarafdorlari patrul mashinasini tepa boshlagan. Shundan so‘ng mehmonlar boshqa patrul mashinasini o‘rab olgan va uning yurishiga izn bermagan.

Natijada 15 nafar bezori militsiya bo‘limiga olib ketilgan. Ulardan besh nafari ikki oyga ozodlikdan mahrum etilgan. Hodisa yuzasidan “Bezorilik” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.