O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi chet elda ishlayotgan va vatanga qaytishni niyat qilgan yuqori malakali mutaxassislarni Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi Inha universiteti va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi AKT yo‘nalishi fanlariga ixtisoslashgan maktab sa’y-harakatlariga qo‘shilishga chaqirdi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.

Foto: “Gazeta.uz”

Rasmiy bayonotga ko‘ra, vazirlik tomonidan PhD darajasi sohiblari, tajribali menejerlar, ilmiy noshirlar va ta’lim sohasining boshqa ekspertlari uchun barcha sharoitlar yaratilishi e’lon qilindi.

Ta’lim berish, tadqiqotlar yuritish hamda AKT sohasi muassasalaridagi islohot jarayonlarini boshqarish bilan mamlakat rivojiga hissa qo‘shishni istagan vatandoshlarga yuqori maosh, tadqiqot loyihalarining moliyalashtirilishi, maxsus ipoteka dasturlari va faoliyat samaradorligiga qarab boshqa bonuslar taklif etilmoqda.

Ekspertlar va o‘qituvchilar uchun maxsus dasturga qiziuvchilar o‘z rezyumesini “HR@mitc.uz” manziliga yuborishi mumkin.