Osiyo Futbol Konfederatsiyasi prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim Al-Halifa 3-dekabr kuni Toshkentga tashrif buyuradi. Bu haqda O‘FF matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: O‘FF

Prezident almashgach, O‘FF hisob raqamiga kelib tushadigan pullar haqida axborot berishni boshladi

Kecha — 9-noyabr kuni O‘FF prezidenti Umid Ahmadjonov Kuala-Lumpurda OFK yetakchisi bilan uchrashuv o‘tkazib, bir qator masalalar yuzasidan kelishuvga erishgan hamda Shayx Salmonni Toshkentga taklif qilgan.

Tashrifi davomida Shayx Salmon bir qator loyihalar bilan tanishadi. Shuningdek, 4-dekabr kuni “Bunyodkor” stadioni mezbonlik qiladigan O‘zbekiston Kubogining final uchrashuviga keladi hamda g‘olib jamoaga mamlakat kubogini shaxsan topshiradi.

O‘zaro kelishuvga ko‘ra, OFK O‘zbekistonning uch nuqtasi — Andijon, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida bolalar uchun mo‘ljallangan mini-futbol maydonchalari qurib beradi. Qo‘shimchasiga “Chig‘atoy” o‘rnida barpo etilgan terma jamoalar markaziga qarashli sun’iy qoplamali maydon to‘laligicha rekonstruksiya qilinishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, OFK bu ish uchun yana 600 ming AQSh dollari beradi.

Shayx Salmon 5-dekabr kuni ortga qaytadi.