Inha universiteti Joongang Daily nashri tomonidan chop etilgan Janubiy Koreya oliy o‘quv yurtlari reytingida 10-o‘rindan 8-o‘ringa ko‘tarildi. Reytingdan 189 universitet joy olgan, deya xabar bermoqda O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi axborot xizmati.

Foto: “CCITT.uz”

Xabar berishlaricha, Joongang Daily’ning universitetlar reytingi Janubiy Koreya oliy o‘quv yurtlari uchun boshqa xalqaro reytinglardan muhimroq va ular bu reytingdagi natijalarini muntazam yaxshilab borishga intiladi.

Yangi reytingda Janubiy Koreyadagi Inha universiteti 182 ball bilan 8-o‘rinni egalladi. O‘tgan yili universitet 177 ball bilan 10-pog‘onada edi. Qayd etish joiz, Inha universiteti 2014-yildan beri ushbu reytingda 14-o‘rindan 8-o‘ringacha ko‘tarilishga erishdi.

Inha universiteti aksariyat ko‘rsatkichlar bo‘yicha birinchi o‘nlikdan yoki unga yaqin pog‘onadan joy oldi. Misol uchun, universitet “Talabalarning o‘zlashtirishi” ko‘rsatkichi bo‘yicha 3-o‘rinni egalladi. “Xodimlarni ishga olish uchun tavsiya qilinadigan universitet” va “Maktabni bitirgach, o‘qish uchun eng yaxshi universitet” bo‘yicha ko‘rsatkichlarda 6-o‘rinni egalladi.

Eslatib o‘tamiz, 2014-yili Toshkentda Janubiy Koreyadagi Inha universitetining filiali — Toshkentdagi Inha universiteti (IUT) ochilgan. Hozirda Toshkentdagi muassasa yoshlarga “Kompyuter va dasturiy injiniring” va “Logistika” yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv dasturlarini taklif etmoqda.