O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-noyabr kuni Samarqandga keldi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Foto: “RIA Novosti”

Shavkat Mirziyoyev shahardagi Hazrati Xizr majmuasida bo‘lib, Birinchi Prezident Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. “Qur’on tilovat qilindi”, — deb yozadi O‘zA.

O‘zbekiston Prezidenti mazkur majmuada olib borilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirdi. Ayni paytda Islom Karimov dafn etilgan yodgorlik majmuasi hududida so‘nggi pardozlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz 27-avgust kuni Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida maqbara qurilishini yakuniga yetkazish, ziyoratchilar uchun sharoitlarni yanada yaxshilash, hududni obodonlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi. O‘tgan vaqt mobaynida bu yerda keng qamrovli ishlar bajarildi.

Natijada majmua yaxlit me’moriy ansamblga aylandi. Maqbara atrofida Hazrati Xizr masjidi bilan uyg‘un holda milliy uslubda ayvonlar barpo etildi. Ziyoratga chiqish va tushish yo‘laklari cheti marmar panjara bilan o‘raldi, qariyalar uchun zamonaviy liftlar o‘rnatildi.

Ziyoratga keluvchilarga yilning to‘rt faslida ham qulay bo‘lishi uchun zarur sharoitlar yaratildi. Atrofdagi yo‘laklar ta’mirlanib, avtomobillar to‘xtash joyi barpo etildi. Qabriston devori rekonstruksiya qilinib, hududi yanada obodonlashtirilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev ziyoratgohga keluvchilar uchun katta qulayliklar yaratilganini ta’kidlab, bu yerdagi sharoitlarni yanada yaxshilash bo‘yicha mutasaddilarga tavsiyalar berdi.