O‘zbekiston Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan qizamiq va qizilcha kasalliklarini bartaraf etgan mamlakat sifatida tan olindi. Bu haqda Toshkentdagi UNICEF vakolatxonasi xabar berdi. Mamlakat 2014-yilning yanvar oyidan 2016-yilning dekabrigacha bo‘lgan davr ichida ushbu kasalliklarni bartaraf etishga erishdi.

Foto: “O‘zbekiston ovozi”

JSSTning qizamiq va qizilcha bartaraf etilganini tasdiqlovchi Yevropa mintaqaviy komissiyasining ta’kidlashicha, bu holat butun Evropa mintaqasida qizamiq va qizilcha kasalligini bartaraf etish maqsadiga erishishga sezilarli darajada hissa qo‘shadi.

2007-yilda O‘zbekiston Milliy emlash taqvimiga qizamiq, tepki va qizilcha (QTQ)ga qarshi vaksina kiritildi. 12 oyligida va 6 yoshida bolani QTQga qarshi emlash ushbu kasalliklarga nisbatan umrbod immunitetni shakllantiradi.

Mamlakat bo‘yicha QTQga qarshi emlash ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lib, bunda qamrov birinchi emlashda 99,5% ni va qayta emlashda 99,7% ni tashkil etadi (2016).

Yuqumli kasalliklar bolalar salomatligiga tahdid soladigan asosiy xavflardan biri hisoblanadi. Shu bois Sog‘liqni saqlash vazirligi oldini olish mumkin bo‘lgan kasalliklarga qarshi emlash, ularning oldini olish va tugatishga qaratilgan Milliy emlash dasturini amalga oshirish bo‘yicha qator choralar ko‘rmoqda, deyiladi xabarda.

“14 yoshgacha bo‘lgan bolalar O‘zbekiston aholisining 27 foizini tashkil qiladi.  Emlash biz tomondan kelajak avlodlar uchun sog‘liqni saqlash sohasida qila oladigan eng muvaffaqiyatli va moliyaviy tomondan samarali sarmoyalardan biridir,— deb ta’kidladi UNICEF’ning O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Graumann. — Milliy emlash taqvimi bo‘yicha umumiy qamrovni ta’minlash uchun Hukumat, xalqaro hamkorlar va mahalliy jamoalar bilan birgalikda ishlashni davom ettiramiz”.

UNICEF O‘zbekiston hukumatiga yangi vaksinalarni kiritish va sotib olish, ularning sifatli saqlanishi uchun sovuq zanjir tizimini yanada yaxshilash, vaksinalarni xarid qilishda mustaqil moliyalashtirishga erishish va emlashga bo‘lgan talabni doimiy ravishda oshirishda ko‘mak berib kelmoqda.

So‘nggi o‘n yillikda O‘zbekiston vaksinalarni sotib olishni barqaror va mustaqil ravishda moliyalashtirishga o‘tdi. 2010-yilda respublikaga olib kelingan vaksinalarning 90 foizi davlat budjeti hisobidan sotib olindi. 2020-yilga kelib, mamlakat barcha vaksinalarni faqat o‘z hisobidan sotib olishni rejalashtirmoqda.