Donald Trampning rafiqasi Melaniya 9-noyabr, payshanba kuni Xalq majlislari uyining sharqiy darvozasi yonida bo‘lib o‘tgan AQSh prezidentini rasmiy kutib olish marosimida Xitoy xalq mavzulari asosida tikilgan ko‘ylakda namoyon bo‘ldi, deb yozadi “TASS”. Etagi yergacha tushib turadigan uzun ko‘ylakka kumushrang gulli kashtalar tushirilgan edi.

Foto: AP

Amerikalik mehmonning yonida turgan Pen Liyuan — XXR raisi Si Szinpinning rafiqasi esa jiddiy qora libosni afzal ko‘rdi, xonim milliy uslub “ikona”si hisoblanadi.

Si Szinpin va Donald Trampning ikkalasi ham qora kostyumda edi. Kuzatuvchilar Amerika prezidenti Xitoy milliy bayrog‘i rangi bilan mos tushuvchi qizil bo‘yinbog‘ taqqaniga e’tibor qaratdi.

Ayni paytda XXR raisi va AQSh prezidenti o‘rtasidagi rasmiy muzokaralar Xalq majlislari uyida bo‘lib o‘tmoqda.