O‘zbekistonlik FIFA referisi Aziz Asimov yoshlar o‘rtasidagi Osiyo Chempionatining saralashidan joy olgan Qatar — Iroq bellashuvini boshqarib borgani haqidagi xabar “Daryo”da ko‘rinish bergandi. Keyinroq mazkur o‘yin bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.

Aziz Asimov. Foto: the-uff.com

Foto: the-uff.com

O‘zbekistonlik referi Aziz Asimov boshqargan o‘yinda darvozani qo‘riqlagan qatarlik yarim himoyachi penaltini qaytardi

Dohada o‘tgan saralash o‘yinlarida qiziq holat yuzaga kelgan. 3 ta terma joy olgan guruhda Qatar ham, Iroq ham Livan ustidan 2:0 hisobida zafar quchgan. Ularning o‘zaro o‘yini Aziz Asimovga ishonib topshirilgan va bellashuv 1:1 hisobi bilan yakuniga yetgan.

Ochkolar va boshqa ko‘rsatkichlar teng kelib qolgani vajidan, guruh g‘olibini aniqlash uchun Aziz Asimovdan penaltilar seriyasiga murojaat qilish talab etilardi. Bu shuning uchun ham kerakliki, guruh o‘yinlari yakuniga ko‘ra peshqadamlar OCh U19 ga yo‘l olishi va faqatgina 5 ta 2-o‘rin egalari ular safiga qo‘shilishi kerak edi. Yakunda har ikki termaga ham Osiyo Chempionati yo‘llanmasi nasib qildi.

Biroq guruh g‘olibini penaltilar seriyasida aniqlash jarayoni ancha qiziq holatlarni keltirib chiqardi. Qatarning 3:2 hisobidagi g‘alabasi bilan yakuniga yetgan seriya davomida darvozabon Shehab Mamduh penaltilardan birini qaytardi va buni futbolkasini yechib nishonladi. Aziz Asimov unga aynan shu harakati uchun ikkinchi sariq kartochkani ko‘rsatib, maydondan chetlatgan. Shu boisdan darvozani Qatar sardori Nosir Abdulsalom Al-Ahrak egallagan.

Bu holat bir qator OAVlarda turlicha yangradi. “Championat.asia” sayti darvozabon to‘pni qaytarishda chiziqdan erta chiqqani uchun qizil kartochka oldi, deb yozdi. Shuningdek, Soccer Bloger, Yahoo va OFKning rasmiy sayti ham bu fikrni takrorladi. “Daryo” ham shuning asosida xabar joylashtirdi.

Bizga ma’lum qilinishicha, darvozabon chiziqni kesib o‘tib, zarbani qaytarsa — zarba qaytadan tepilishi kerak. Darvozabon chiqizni kesib o‘tganida zarba golga aylansa, u inobatga olinadi. Biroq Aziz Asimov darvozabonni bu sabab bilan emas, aynan futbolkani yechgani uchun aybdor deb topgan. Muxlislarga sir emaski, golni bu holda nishonlash 100 foizlik sariq kartochka deganidir.

Bundan kelib chiqadiki, Asimov barcha ishni to‘g‘ri bajargan. Bu borada u FIFA qoidalarini buzmagan. O‘z navbatida “Daryo” ham mazkur o‘yin yuzasidan o‘zbekistonlik futbol hakamini ayblamagan va qarorlarini xato deb bilmagan. Shunchaki, turli manbalar turlicha ko‘rsatma bergach, OFK saytiga tayangan. Bunda Asimovning qarori aslida qanday ekani muhokama qilinmagan.

Yuzaga kelgan tushunmovchilik uchun “Daryo” o‘z o‘quvchilaridan uzr so‘raydi. Kelgusida 3 ta emas, yanada ko‘proq manbalar o‘rganib chiqilishi kerakligi bunda ko‘rindi.

Ha, aytgancha, OFK sayti bilan bog‘liq yana bir jihat bor. Aynan shu saralash siklining O‘zbekiston joy olgan guruhida Bangladesh termasi Maldiv ustidan minimal hisobda zafar quchgandi. Sayt esa bunda g‘alaba Maldiv tomonida deb ko‘rsatgani o‘zbekistonlik futbol jurnalistlari tomonidan muhokama qilingandi.

Mana bu havolada esa Qatar guruh peshqadamiga aylangan bo‘lsa-da, hali ham Iroq 1-o‘rinda ekanini ko‘rish mumkin.

Foto: OFK

Demak, OFK taqdim etgan ma’lumot emas, “Daryo”ga berilgan ma’lumot to‘g‘riroq. Vaziyatga oydinlik kiritish uchun “Daryo” Aziz Asimovning Toshkentga qaytishini kutadi va u bilan alohida bog‘lanib, vaziyatga tushuntirish berishni so‘raydi.