Amerikaning sug‘urta sohasidagi jinoyatlar bo‘yicha milliy byurosi AQShda yangi avtomobillarni olib qochish borasidagi statistikani ma’lum qildi, deb yozadi “Motor”.

Foto: “Infox.ru”

Ma’lumotlar o‘tgan yil hisobidan keltirilgan bo‘lib, faqat 2016-model yiliga tegishli yangi avtomobillar, shuningdek, umuman eng ko‘p o‘g‘irlab ketiladigan mashinalar hisobga olindi. 2016-yilda amerikaliklar jami 757,8 mingta mashinadan ayrildi, bu 2015-yildagidan 7 foizga ko‘proq demakdir.

Eng ko‘p olib qochib ketiladigan mashinalar ro‘yxatida Honda Accord yetakchilik qildi. Jami 50 427 ta bunday rusumdagi avtomobil o‘g‘irlab ketilgan. Keyingi o‘rinlarni Honda Civic (49 547), Ford F-series (32 721), Chevrolet Silverado (31 238), Toyota Camry (16 732) egalladi. Yuqori o‘nlikka, shuningdek, Nissan Altima, Ram, Toyota Corolla, Hyundai Elantra, Chevrolet Impala va Jeep Cherokee/Grand Cherokee kirdi.

2016-model yiliga tegishli yangi avtomobillar bo‘yicha esa Toyota Camry yetakchilik qildi, 2016-yilda bunday mashinalarning 1113 tasi o‘g‘irlab ketilgan. Shuningdek, Nissan Altima (1063), Toyota Corolla (982), Dodge Charger (945), Ford Fusion (914) ham yuqori beshlikka kirdi. Ulardan keyingi o‘rinlarni Hyundai Sonata, GMC Sierra, Hyundai Elantra, Ford F-series, va Ford Transit egalladi.