Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-noyabr kuni O‘zbekistonga amaliy tashrif bilan kelgan Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri gubernatori Georgiy Poltavchenkoni qabul qildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Foto: Telegram / Shavkat Mirziyoyev

Shavkat Mirziyoyev mehmonni qutlar ekan, 2017-yilda bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi samarali uchrashuvlar va ularning yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar, jumladan, aprel oyida imzolangan ikki mamlakat mintaqalari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim O‘zbekiston hududlari va Rossiya subyektlarining amaliy hamkorligini, avvalo, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni faollashtirishga xizmat qilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

“Uchrashuvda O‘zbekiston va Sankt-Peterburg shahri o‘rtasidagi an’anaviy yaqin va o‘zaro manfaatli munosabatlarni yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi. O‘zaro savdo hajmini oshirish va yetakchi korxonalar o‘rtasida kooperatsiyani kengaytirish uchun mavjud salohiyatdan samarali foydalanish zarurligi qayd etildi”, — deyiladi O‘zA axborotida.

Sog‘liqni saqlash, ta’lim va turizm sohalarida qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Sankt-Peterburg shahri gubernatori Georgiy Poltavchenko Prezident Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirgan. “O‘zbekiston bilan ustuvor yo‘nalishlarda keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi”, — deb yozadi O‘zA.