Checheniston rahbari Xalq birligi kuni munosabati bilan e’lon qilgan tanlovda Xeda ismli uchinchi sinf o‘quvchisi g‘olib chiqqan va iPhone X bilan taqdirlangan edi. Ammo uning Putinga bag‘ishlangan she’ri boshqa muallifning she’ri asosida yozilgani ma’lum bo‘ldi, deb xabar bermoqda Afisha Daily.

Foto: “Krpress.ru”

Xedaning she’rida “Stixi.ru” saytiga foydalanuvchi Eli Selini tomonidan 2014-yil sentabrida joylangan she’rga bir nechta iboralar qo‘shilgan, va yana bir nechtasi olib tashlangan. She’r izohida yozilishicha, asar Irina Samulevich qalamiga mansub.

Xeda avvalroq she’rni onasi bilan birgalikda yozganini aytgan edi. “Kechqurun yozdim, ertalab esa onam bilan telefonga yozib chiqdik”, — degan edi o‘quvchi qiz.

Checheniston yoshlar masalalari bo‘yicha vazirligida bo‘lib o‘tgan taqdirlash marosimida Xeda yana bir she’rini o‘qib bergan edi. U o‘zining mualliflik ishimi yoki u ham kimdandir ko‘chirilganmi — noma’lum, deyiladi xabarda.

Avvalroq Xeda tanlovda yutib chiqqani uchun iPhone X’ni qo‘lga kiritishini bilgach, xafa bo‘lgan edi. Qizcha tanlovda iPhone yutib olish uchun emas, Putinga nisbatan mehr va hurmatini izhor qilish uchun qatnashganini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, Checheniston rahbari Ramzan Qodirov so‘nggi modeldagi iPhone smartfonidan foydalanishi haqidagi axborotni rad etgach, “KVN”ning NK Production jamoasi unga yangi iPhone X sovg‘a qilgan edi.