O‘zbekistonda Huawei kompaniyasining Honor 6A va Honor 6C smartfonlari sotila boshladi, deb yozadi “Mobinfo.uz”. Ular alohida Honor brendi lineykasidagi modellardir.

Foto: “Mobinfo.uz”

Huawei Honor 6A 2017-yil mayida taqdim etilgan arzon smartfondir. Qirralari biroz aylana bo‘lgan metall korpusli qurilma 5 dyuymli va 1280×720 pikselli IPS-ekran, 8 yadroli Qualcomm Snapdragon 430 protsessori, 2 Gb tezkor va 16 Gb doimiy xotira (+microSD), 13 megapikselli yorug‘lik diodli vspishkali va fazaviy avtofokusli kameraga ega. Smartfon Android 7.0 operatsion tizimida ishlaydi.

Honor 6C texnik jihatdan ancha ilg‘orroq bo‘lib, 8 yadroli Qualcomm Snapdragon 435 protsessori, LTPS-ekrani, 3 Gb tezkor va 32 Gb doimiy xotirasi (+microSD) bilan farqlanadi. Dasturiy qismi Android 6.0 Marshmallow asosidagi EMUI 4.1 qobig‘iga qurilgan.

Toshkent bozorida Honor 6A 1 222 250 so‘mga, Honor 6C esa 1 467 000 so‘mga taklif qilinmoqda.

Ushbu qurilmani ko‘rsatilgan narxda sotib olishga “Daryo” nashri kafolat bermaydi. Qurilma va uning narxi haqidagi axborot faqat tanishish uchun taqdim etilgan.