YouTube’dagi “Layk TV Shou” kanali muallifi, Alina ismli 10 yoshli qizcha video yozdi, Qizcha videoda uning blogi kuzatuvchilari bilan rejalashtirilgan uchrashuv haqida so‘zlab bergan. Bu uchrashuvga hech kim kelmagani sababli qizcha yig‘lagan. Qisqa rolik tezlik bilan tarqaldi va 700 ming martadan ortiq tomosha qilindi.

Alina muxlislar uchun ko‘plab konfetlar olganini va topishmoqlar tayyorlaganini aytib bergan. U xiyobonda yarim soat yurgan va odamlarni kutgan, ularni izlagan, keyin esa uyga qaytgan. Bu voqealarni so‘zlash chog‘ida qizcha o‘zini tutib tura olmadi va yig‘lab yubordi.

Videoning izohlarida ko‘plab foydalanuvchilar yosh blogerni ovutishga harakat qilgan. Bir nechta ommabop kanallar qizchani maqtagan va unga blogni yuritishda omad tilagan.

Video YouTube’ga joylanganidan so‘ng kanalning obunachilari soni olti mingtadan qariyb 40 mingtaga yetgan.