Namangan shahrida markaziy ko‘chalardagi avtobus bekatlarini rekonstruksiya qilish ishlari boshlandi. Bu haqda shahar hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Namangan shahar hokimligi

Shaharning Islom Karimov, Alisher Navoiy, Bobur va boshqa markaziy ko‘chalarida Arxitektura boshqarmasi tomonidan ishlab chiqilgan loyiha asosida oynavand bekatlar qurilmoqda.

Bunday bekatlar isitish va sovutish tizimlari bilan jihozlangan, shuningdek, savdo do‘konini o‘z ichiga olgan.

Foto: Namangan shahar hokimligi

Xabar berishlaricha, shahar hokimi bu haqdagi qarorni 25-oktabr kuni imzolagan bo‘lib, loyiha ikki oy muddat ichida to‘liq amalga oshirib bo‘linishi lozim.

Hokimlik xabarida rekonstruksiya ishlari aynan nechta avtobus bekatini qamrab olishiga va loyiha uchun qancha mablag‘ sarflanishiga aniqlik kiritilmagan.