Hozirgi shakldagi avtomobillarga yaqin 20 yil ichida ehtiyoj qolmaydi. General Motors avtogigantining sobiq vitse-prezidenti Bob Luts Automotive News nashriga bergan intervyusida shunday bashorat berdi, deb xabar qiladi Motor.

Foto: Motor

Lutsning fikricha, odatiy avtomobillar o‘rniga standartlashtirilgan avtonom modullar keladi. Ular Uber va Lyft kabi transport kompaniyalariga tegishli bo‘ladi.

Luts mashinalarni uzoq vaqt odamzotning asosiy transport vositasi bo‘lgan otlarga qiyosladi. Uning aytishicha, endi avtosanoat katta o‘zgarishlar oldida turibdi, keyingi 15–20 yil ichida odatiy mashinalar butunlay yo‘qolib ketishi mumkin.

Foto: Motor

Shu davr ichida, Lutsga ko‘ra, avtomobilsoz korporatsiyalarning ko‘pchiligi yo‘qolib ketadi. Avtonom boshqaruv funksiyasiga ega bo‘lmagan avtomobillar ekspluatatsiyasi qonun bilan taqiqlanadi. Buning natijasida, masalan, sportkarlarga ehtiyoj yo‘qqa chiqadi. Bunday mashinalar mashinalar elitaga xos buyumga aylanib qoladi, ulardan faqat xususiy klublar va poyga treklarida foydalaniladi.