O‘zbekistonga tashrif buyurgan Saudiya Arabistoni – O‘zbekiston parlamentlararo do‘stlik qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ahmad bin Muhammad al-G‘omidiy boshchiligidagi delegatsiya qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Qonunchilik palatasida o‘tgan muloqot chog‘ida O‘zbekiston Saudiya Arabistoni bilan o‘zaro munosabatlarni barcha sohalarda, jumladan, parlamentlararo hamkorlik yo‘nalishida ham rivojlantirishga muhim ahamiyat qaratayotgani ta’kidlandi. Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 21-may kuni Saudiya Arabistoniga tashrifi mamlakatlar o‘rtasidagi muloqotni chuqurlashtirish uchun yangi imkoniyatlar ochib bergani qayd etildi.Senatda o‘tgan uchrashuvda mehmonlarga harakatlar strategiyasi asosida O‘zbekistonda yangilangan ichki va tashqi siyosat olib borilayotgani, davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, uning xalq bilan yaqinligini ta’minlash, parlamentning ijro hokimiyati ustidan nazoratini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Tadbirda parlamentlararo aloqalarning bugungi holati va ularni mustahkamlash, jumladan, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari haqida ham fikr almashildi.
Tomonlar parlament delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarini chuqurlashtirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Saudiya Arabistoni parlament delegatsiyasi a’zolari O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti rahbariyati bilan ham uchrashdi.
Suhbat davomida O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, diniy bag‘rikenglik, ijtimoiy-ma’naviy muhitni barqarorlashtirish borasidagi izchil ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Uchrashuv yakunida mehmonlar Hazrati Imom majmuasidagi masjid va Usmon mushafi bilan tanishdi.
Saudiya Arabistoni – O‘zbekiston parlamentlararo do‘stlik qo‘mitasi delegatsiyasi mamlakatning qator vazirlik va idoralarida ham uchrashuvlar o‘tkazdi.
Izoh (0)