Ayol ko‘p qon yo‘qotmoqda edi. Tez tibbiy yordam xizmatining Damas avtomobili shahar ko‘chalari bo‘ylab avtomobillar oqimini yorib o‘tgan holda TTZ massividan shaharning boshqa burchagi, Chilonzorga, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga qarab borardi. TTZda, Respublika neyrojarrohlik ilmiy markazida uning yarasini naridan-beri bog‘lab qo‘yishgan, shu sababli boshining chap tomoni va ensasidan hamon qon oqardi. Damas neyrojarrohlikdan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yo‘l olgandi.

“Yetkaza olmaysan, — deyishdi feldsherga. — Uzoq. Travmatologiyaga olib bor”. Ayol zambilda bosh terisi yirtilib ketgan, miyasi chayqalgan va son suyaklari ikki joyidan singan holatda yotardi. “Yetkazaman, — deya qaysarlik bilan javob qildi feldsher. — Yetkazamiz”.

Feldsher ayolni bo‘sh kelmaslikka chaqirdi, nashatir spirti berdi, tirsagiga nima bilandir ukol qildi.

Toshkent haydovchilari milt-milt chiroqlari o‘chib-yonib, sirena chalayotgan Damas’ga yo‘l berishni xayollariga ham keltirmasdi. Ular choyxonaga oshxo‘rlikka shoshardi, ular o‘z oilalari bag‘riga shoshardi va qonga belangan ayol, feldsher va ojizligidan qarg‘anayotgan haydovchi o‘tirgan Damas’ni bir yoqadan bosh chiqarib so‘kardi.

Ayol qon yo‘qotardi va feldsherdan opasining ahvoli haqida so‘rardi. Hozir o‘zlarining kekkaygan kaptiva, epika, lacheti va sparklarida o‘tirib, qonga belangan ayolni olib ketayotgan qandaydir faqirona Damas’ga yo‘l bermagan ana shunday haydovchilardan biri bir soat avval qizil chiroqda to‘xtamay yo‘lning qarama-qarshi tomoniga o‘tib ketdi. U yo‘lni kesib o‘tayotgan ayolni va uning opasini urib ketdi.

Opasi uch soatdan so‘ng, travmatologiyada vafot etdi.

Bir haydovchi bir ayolni o‘ldirib, ikkinchisini yaraladi.

Endi qolgan haydovchilar yarador ayol yo‘lda vafot etishi uchun qo‘lidan kelgancha harakat qilayotgandek, go‘yo.

Ammo og‘ir musibatlar ularning boshiga tushmaydigandek tuyulyapti, xolos.

O‘sha tushunarsiz Damas’da ertaga begona odamlarni emas, bugun yo‘l bermagan haydovchilarning qizi, onasi yoki singlisini olib ketishlari mumkin.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining travmatologiya markazida o‘n bir kechani o‘tkazib, u yerga uch million kishilik shaharning barcha burchaklaridan jabrlanganlarni qanday olib kelishayotganini ko‘rganman.

Ham piyodalarni. Ham haydovchilarni. Shu vaqt ichida bundaylarning ikki nafarini qutqarib qolish iloji bo‘lmadi.

Travmatolog shifokorlardan biri menga aytib berishicha, Toshkent chorrahalarida videokuzatuv ishga tushirilgach, ilk uch oy davomida yo‘l-transport hodisalarida jabrlanganlar soni sezilarli ravishda kamaygan. Ammo keyin haydovchilar chorrahalardagi kameralarning hammasi ham qoidabuzarliklarni qayd etmasligini bilib oldi…

Feldsher va Damas haydovchisi o‘z va’dasida turdi. Ular ayolni kasalxona qabulxonasigacha yetkaza oldi, u yerda markazning tajribali shifokorlari boshdagi yarani qaytadan tikdi, oyog‘iga gips qo‘yib, mahkamladi, MRT va UTTdan o‘tkazdi, osma ukol qo‘ydi, hammasini tez va tegishlicha amalga oshirdi. Bu orada tez yordam mashinalari bemorlarni yana va yana keltirishda davom etdi.

“Haydovchilar ‘tez yordam’ga yo‘l berishi kerakligi haqida yozing, — deb so‘radi ayol mendan palataga yotqizilgach. — Ular yo‘l bermadi, feldsherni va Damas haydovchisini so‘kdi. Yozingki, ular yo‘l berishsin”.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va shaxsan IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i, o‘zim qat’iyatli odam sifatida taniydigan polkovnik Xolmatjon Saidaliyevga murojaat qilaman.

Xolmatjon aka, sizdan mamlakat ko‘chalaridagi tez tibbiy yordam mashinalariga bo‘lgan munosabatga alohida e’tibor qaratishingizni so‘rayman. Ularga yo‘l berishlari va svetoforlarda o‘tkazib yuborishi uchun qo‘lingizdan kelganini qiling, buni qila olishingizga esa ishonchim komil.

Butun dunyoda haydovchilar orqani ko‘rish oynasida politsiya avtomobili, tez yordam mashinasi yoki o‘t o‘chirish mashinasining milt-milt yonayotgan signal chiroqlarini payqashi bilan, shu zahoti o‘ng tomonda bir qatorga tiziladi va hatto yo‘l chetida to‘xtaydi. O‘zbekiston haydovchilarini ularning boshiga og‘ir musibat yog‘ilmasidan oldin shunday xulqqa o‘rgatish kerak.

“Haydovchilar ‘tez yordam’ga yo‘l berishi kerakligi haqida yozing”, — dedi menga hayotda o‘ttiz besh yildan buyon yo‘ldoshlik qilayotgan inson.

Men yozdim.

Bizga nima bo‘lgan? Senga nima bo‘ldi o‘zi, ey, avtoo‘zbegim?

Xotima

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Bosh direktori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi, tibbiyot fanlari doktori, professor Abduhakim  Mo‘minovich Hojiboyevga; Shoshilinch travmatologiya bo‘limi rahbari, tibbiyot fanlari nomzodi Ravshan Ne’matullayevich Hakimovga; davolovchi shifokor Bekzod Karimovga, travmatolog Fayzulla Mirjalilovga, yarani qayta tikib, so‘ng ayolni palataga kelib ko‘rib ketgan neyrojarrohga — barcha navbatchi shifokorlar, hamshiralar va sanitar ayollarga har kungi va har tungi serg‘ayrat mehnatlari uchun samimiy minnatdorlik bildiraman.

Baxtiyor Nasimov

“Daryo” sharhlovchisi