Jizzax viloyati qo‘g‘irchoq teatrida atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligi munosabati bilan “Kashmir qo‘shig‘i” asari sahnalashtirildi, deb xabar beradi O‘zA.

Foto: “Gazeta.uz”

Sharof Rashidov qalamiga mansub “Kashmir qo‘shig‘i” qissasi tabiatning jonlanishi, hayotning kurashdan iborat tabiiy harakati mahorat bilan tasvirlangan asarlardan biridir. Ko‘hna hind diyori afsonasi asosida yaratilgan asarda Kashmir va Jammu xalqlarining boy o‘tmishi, yurt ozodligi va mustaqilligi yo‘lidagi qahramonona kurashlari tabiat timsollarida aks ettirilgan.

Teatr ijodiy jamoasi asardagi bu ezgu g‘oyalarni qo‘g‘irchoqlar harakati orqali o‘ziga xos badiiy talqin etib, bolalar qalbiga yetkazishga harakat qildi.

Yangi sahna asarining taqdimot marosimida teatr mutaxassislari, adabiyotshunoslar, pedagoglar ishtirok etib, uning rejissurasi va ijrosi haqida so‘z yuritdi. Qissa mazmuni, ezgu g‘oyasi uning qahramonlari – asalarilar shohi – Bambur, gullar malikasi – Nargiz, yovuz, yemiruvchi kuch – Bo‘ron, ziroat zararkunandasi – Xorud o‘rtasidagi kurash qo‘g‘irchoqlar orqali qiziqarli, bolalar ruhiy dunyosiga mos talqin etilgani barchada katta taassurot qoldirdi.