Milliy Olimpiya Qo‘mitalari Assotsiatsiyasining XXII Bosh Assambleyasida O‘zbekiston nomidan ishtirok etgan MOQ bosh kotibi Oybek Qosimov Pragada Xalqaro Antidoping Agentligi (WADA) bosh direktorining o‘rinbosari Rob Koyexler bilan uchrashdi, deb yozdi MOQ matbuot xizmati. Bundan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonda antidoping agentligini tashkil etish masalasini muhokama qilishdan iborat bo‘lgan.

Foto: MOQ

MOQ bosh kotibi Oybek Qosimov Pragada olimpiya sport turlari prezidentlari bilan uchrashuvlarni boshladi

Xalqaro maydonda o‘zbekistonlik sportchilarning muvaffaqiyati odat tusiga kirayotgan bir paytda WADA O‘zbekistonda antidoping tashkilotini ishga tushirish vaqti kelganini ma’lum qilib, o‘zining ikki mutaxassisini Toshkentga yuborgandi. Shu yilning 9—10-mart kunlari WADA tasarrufidagi mintaqaviy antidoping tashkilotlari bilan aloqalar bo‘yicha vakil Tom Mey hamda menejer Fransisko Leon poytaxtda rasmiy tashrif bilan bo‘lib, MOQ hamda Sport Qo‘mitasi rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazgandi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekistonda antidoping agentligini ishga tushirish masalasini muhokama qilish bo‘lgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yilning 9-mart kuni Tokio—2020 Olimpiadasi va Paralimpiadasiga O‘zbekiston sportchilarini tayyorlash mavzusiga bag‘ishlangan qarorini e’lon qilgan bo‘lib, dasturdan antidoping agentligi masalasi ham o‘rin olgandi.

Foto: MOQ

Oybek Qosimov bilan suhbat davomida WADA rahbari O‘zbekistondan amaliy yordamini ayamasligi haqida aytib, Toshkentga ekspertlar va mutaxassislardan iborat komissiya yuborishga va’da bergan. Bunda tashrif buyuruvchilarning missiyasi o‘zbekistonlik mutaxassislarga antidoping agentligi haqida to‘liq ma’lumot berish va ish yo‘lga qo‘yib olinishini ta’minlashdan iborat bo‘ladi. Natijada o‘zbekistonliklar WADA’ning shu sohadagi eng kichik o‘zgarishlarga qadar ma’lumotga uzluksiz ega bo‘lib turadi.