Vafotidan so‘ng odamlar o‘lganini anglaydi va atrofida bo‘layotgan hodisalarni tushunadi. Bunday xulosaga Nyu-York universiteti qoshidagi Langone tibbiyot maktabi olimlari keldi, deb yozadi “Korrespondent.net”.

Foto: EPA

Shifokorlar o‘limni yurak to‘xtagan vaqt bilan aniqlaydi: qon miyaga kelmay qo‘yadi, bu uning faoliyati o‘sha zahotiyoq to‘xtashiga olib keladi. Oxir-oqibat miya hujayralari qirilib ketishni boshlaydi, ammo bunga klinik o‘limdan keyin bir necha soat talab etiladi, deb hisoblaydi tadqiqot rahbari Sem Parnia.

Shuningdek, xabar berilishicha, odam ongi yurak urishi to‘xtaganidan keyin darhol o‘chmaydi. Odamlar “o‘limning birinchi fazasi”da ma’lum bir ong belgilarini ko‘rsatishi mumkin.

Yuragi ma’lum bir vaqtga to‘xtab qolgan odamlar klinik o‘limdan so‘ng o‘z atrofida nimalar sodir bo‘lganini batafsil aytib bera olgani bilan bog‘liq holatlar buning isbotidir.

Bu xotiralarni shifokorlarning o‘zlari ham tasdiqlaydi, ular aslida o‘lik holatda bo‘lgan bemorlari bu tafsilotlarning barchasini esda saqlaganidan hayratga tushgan.