Hindiston g‘arbida ixtiozavr skeleti topildi. Bu kamdan-kam uchraydigan holat: avvallari poleontologlar bu yerdan faqatgina qadimgi dengiz sudraluvchilarining alohida suyaklarini topgan, deb xabar berdi National Geographic.

Foto: Guntupalli V. R. Prasad / PLOS ONE

Xalqaro olimlar guruhi Hindiston shimoli-g‘arbidagi Gujorat shtatida tadqiqot ishlarini amalga oshirdi. Eskpeditsiya natijasida 152 va 157 million yillar oldingi oraliqda yashagan ixtiozavr skeleti topildi.

Qoldiqlar qattiq jismga chuqur singib ketganligi sabab uni qazib olish ishlari 1500 kishi/soatni talab qildi. Tirikligida ushbu ixtiozavrning uzunligi 5 metrga yetgan. Tishlari ustida o‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, u baliq, mollyuska va boshqa dengiz jonzotlari bilan oziqlangan.

Topilmaning ahamiyati shundaki, u ushbu turdagi qadimiy hayvonlarning sayyorada qay tarzda tarqalganligini kuzatish imkonini beradi.

Ixtiozavrlarning ko‘plab qoldiqlari Yevropa va Shimoliy Amerikada topilgan, janubdan esa paleontologlar faqatgina turli o‘lchamdagi suyaklarni aniqlashga muvaffaq bo‘lgan. Gujorat shtatida topilgan skelet deyarli butun holda saqlanib qolgan va bu “shimol” hamda “janub” ixtiozavlarini o‘zaro taqqoslash imkonini beradi. Aniqlanishicha, ularning tuzilishi deyarli bir xil bo‘lgan.

Hind ixtiozavrining quyi Yura davriga oidligi qiziq holat; ushbu hududda bunga qadar aniqlangan suyaklarning barchasi 50 millon yoshdan “kichik” bo‘lgan.