Saudiya Arabistonining merosxo‘r shahzodasi Muhammad bin Salmon boshchiligida 4-noyabrda tuzilgan korrupsiya bilan kurash qo‘mitasi boshqaruvchi oilaning 11 nafar shahzodasi va qirollikning amaldagi hukumatidagi to‘rt nafar vazirni hibsga olishga farmoyish berdi. Bu haqda Al Arabiya’ga tayanib, “Korrespondent.net” xabar bermoqda.

Foto: “Korrespondent.net”

Xabar qilinishicha, boshqaruvchi oila a’zolaridan biri qurol savdosi bo‘yicha noqonuniy shartnoma tuzganlikda, boshqa shahzoda esa mavjud bo‘lmagan shartnomani tuzganlikda, yana bir shahzoda esa pullarni yuvishda ishtirok etganlikda ayblanmoqda.

Saudiya Arabistoni qiroli Salmon bin Abdul Aziz Al Saud qirollikning merosxo‘r shahzodasi boshchiligida korrupsiya bilan kurash bo‘yicha oliy qo‘mitani tuzishga farmon bergan. Merosxo‘r shahzodaga tergov olib borish, qo‘lga olish, safarlarni cheklash, hisobraqamlarni muzlatish, korrupsion sxemalarga aloqador shaxslarning mablag‘lari va aktivlarini kuzatish vakolati berilgan.