21 yoshli Barno Nabizoda O‘zbekistondan repatriatsiya bo‘lganidan bir yil o‘tgach, SAXAL (Isroil armiyasi) qutqaruv brigadasining yosh askarlar kursini muvaffaqiyatli tamomladi. Barno yahudiy emasligiga qaramay, Isroilni yaxshi ko‘rib qolgan va armiyada xizmat qilishga jazm etgan, deb yozadi “MyTashkent.uz”.

Foto: SAXAL matbuot xizmati

Nabizoda Toshkentda tug‘ilgan. Uning otasi ozarbayjonlik yahudiy edi, onasining kelib chiqishi musulmon va nasroniylarga taqaladi. Qizaloq 8 yoshga to‘lganida onasi oilani tashlab ketgan. Shundan buyon Barnoni yahudiy buvisi tarbiyalagan. Qiz 12 yoshida otasidan ayrilgan. Uning vafotiga Chernobil atom elektrostansiyasida yuz bergan avariya oqibatlarini bartaraf etish vaqtida olingan nurlanish sabab bo‘lgan, deya taxmin qilinadi.

9 yoshida Barno Toshkentdagi yahudiylar maktabida o‘qigan va aynan shu yerda Isroil madaniyati bilan tanishgan. “Men o‘zimni doimo yahudiy sifatida his qilganman”, — deydi Barno.

Nabizoda uch yil farmatsevtlikka o‘qigan, biroq 18 yoshida bu soha uning uchun emasligini tushunib yetgan. U bir vaqtning o‘zida “Soxnut” yahudiylar agentligi tomonidan tashkillashtirilgan tadbirlarda ishtirok etgan, o‘qishni tugatgach esa “Taglit” dasturi asosida Isroilga ketgan.

Shundan so‘ng Barno “Masa” dasturi asosida yana ikki marta Isroilga, universitetda o‘qish uchun kelgan. Isroil va uning aholisi bilan tanishgan qiz shu yerda yashashni xohlashini anglab yetgan.

Barnoning aytishicha, u uchta sababga ko‘ra SAXAL’ga qo‘shilishga qaror qildi. Birinchidan, u o‘zining nimaga qodirligini tushunib yetishi uchun biror ahamiyatli ish qilishni xohlagan. Ikkinchidan, u Isroil uchun foyda keltirishni va, uchinchidan, doimo harakatda bo‘lishni istaydi. Barno 2015-yilning avgustida armiyada xizmat qilishni istovchilar uchun mo‘ljallangan “Sabar” dasturi orqali Isroilga jo‘nab ketdi.

Foto: SAXAL matbuot xizmati

Shundan beri u Ra’nandagi yolg‘iz-askarlarga mo‘ljallangan absorbsiya markazida yashaydi. “Men odamlarni qutqarishni o‘rgandim”, — deydi Barno.

Foto: Facebook / Barno Nabizoda

Barno tutingan oilasi bilan birga yashash uchun Hayfaga ko‘chib o‘tishni rejalashtirmoqda. Biroq u O‘zbekistonda qolgan buvisini juda sog‘inadi. Yaqinda buvisi nabirasi bilan birga yashash maqsadida Isroilga repatsiatsiya bo‘lishga qaror qildi.