Moskva viloyatidagi Elektrostal shahri meri maslahatchisi Darya Turkina o‘ldirilishini 40 yoshli O‘zbekiston fuqarosi amalga oshirdi. Mojaroga ta’mirlash ishlari sifati borasidagi tortishuv sabab bo‘ldi, deya xabar beradi “Interfaks”.

Foto: “Kommersant”

31-oktabr kuni Noginskda noma’lum shaxs mast holatda Darya Turkina bilan janjallashgan va bir necha bor pichoq urib, o‘ldirgandi.

“40 yoshli O‘zbekiston fuqarosi qotillik kuni Turkinaning uyiga ta’mirlash ishlarini bajarish uchun mast holatda kelgani aniqlandi. U va Turkina o‘rtasida ta’mir sifati masalasida mojaro kelib chiqqan va shundan so‘ng  qotillik amalga oshirilgan”, — ma’lum qildi agentlik manbasi.

Qotillikdan so‘ng muhojir uydan zargarlik buyumlarini o‘g‘irlagani va narkotiklar xarid qilish uchun sotib yuborgani aniqlandi.

Hozirda tergovchilar dalil-isbotlar to‘plash bilan shug‘ullanmoqda. Erkak o‘z aybini tan oldi, 3-noyabr, juma kuni unga nisbatan ayblov e’lon qilindi.