Yevropa Ligasi guruh bosqichida 4-tur bellashuvlariga yakun yasaldi. Unga ko‘ra, mavjud 12 ta guruhning 5 tasida navbatdagi bosqichga yo‘l olgan jamoa bor. Aslida pley-offga jami 24 ta jamoa chiqib kelishi kerak.
“B” guruhida kurash olib borayotgan Kiyevning “Dinamo” klubi Shveysariyada “Yang Boyz” mehmoni bo‘lib, 70-daqiqada urilgan gol sabab zafar quchdi. Shu tariqa ochkolari sonini 10 taga yetkazib olgan “dinamochilar” pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Serbiyaning “Partizan” klubi 5 ochko bilan guruhda ikkinchi, “Yang Boyz” esa bor-yo‘g‘i 3 ochkoga ega.
Ruminiyaning “Styaua” klubi ham dastlabki 4 ta turda 10 ochko jamg‘arishga erishdi va bu pley-off uchun yetarli bo‘ldi. 4-turda Isroilning “Xapoel B-Sh” klubini qabul qilgan ruminlar 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Chexiyaning “Viktoriya” klubi 6 ochko bilan guruhda ikkinchi.
Londonning “Arsenal” klubi guruh bosqichidagi dastlabki 3 ta o‘yinda 9 ochkoga ega chiqqandi. Arsen Venger shogirdlari 4-turni Emirates’da o‘tkazib, Serbiyaning “Srvena Zvezda” klubini taslim qila olmadi — 0:0. Shunga qaramay, guruhdan chiqish uchun 10 ochko kifoya qildi. Serblar 5 ochko bilan zonada ikkinchi bo‘lib turibdi.
Italiya A seriyasi mavsumini ko‘ngildagidek o‘tkazayotgan Rimning “Latsio” klubi xalqaro arenada ham bir tekis o‘yinlar namoyish etmoqda. Yevropa Ligasi guruh bosqichida faqatgina “Latsio” yo‘qotishlarsiz borayotgan jamoa bo‘lib turibdi. Fransiyaning “Nitssa” klubini takroriy o‘yinda ham taslim qilgan “Latsio” nafaqat navbatdagi bosqichga yo‘l oldi, balki guruhni peshqadam sifatida yakunlashi ham aniq bo‘lib ulgurdi.
Va nihoyat, “L” guruhida Sankt-Peterburgning “Zenit” klubi o‘zini ko‘rsatdi. Roberto Manchini jamoasi kecha Norvegiyada “Rusenborg” bilan durang o‘ynadi — 1:1. Shu tariqa 4 ochkosi bilan norvegiyaliklar pley-offdan umidini uzdi. Guruhda ikkinchi bo‘lib turgan “Real Sosyedad” hisobida 9 ochko borligi inobatga olinsa, kelasi turlarda “Rusenborg” aynan ispanlarning oyoqig‘idan tortib qolishga urinib ko‘radi.
Izoh (0)