Misrdagi Xeops piramidasining ichida nima uchun mo‘ljallanganligi noma’lum bo‘lgan katta bo‘shliq aniqlandi. Bu XIX asrdan buyon piramidadagi birinchi topilma hisoblanadi. Yapon, fransuz va misr olimlarining tadqiqoti Nature tomonidan e’lon qilindi.

Foto: Vox

Bo‘shliq piramidaning qariyb markazida joylashgan. Bo‘shliqning ko‘ndalang kesimi 30 metrga yetadi, bu esa uni fir’avn xonasiga olib boradigan galereyaga tenglashtiradi.

Kashfiyot myuon radiografiyasi metodi yordamida qilingan. Mazkur metodda tarqalish muhitiga qarab harakat yo‘nalishini o‘zgartiruvchi myuon oqimlaridan foydalaniladi.

Foto: Vox

Xeops piramidasi to‘rt yarim ming yil avval qurilgan va Qadimgi dunyoning bu tipdagi eng yirik yodgorligi hisoblanadi. Milodning XIV asriga qadar piramida dunyodagi eng baland inshoot bo‘lgan (147 metr). Piramida bugungi kunga qadar saqlanib qolgan dunyodagi yetti mo‘jizaning yagonasi hisoblanadi.