NASA agentligi 2018-yilda Xalqaro kosmik stansiyaga HP kompaniyasining ikkita printerini jo‘natadi. Bu so‘nggi 17 yil ichidagi printerlarning birinchi yangilanishi bo‘ladi. Hozirgi vaqtda o‘rnatilgan printerlar 2000-yilning noyabr oyida olib chiqlgan, deb xabar bermoqda TJournal.

Foto: TJournal

Kosmonavtlar stansiyada printerlardan missiyaga oid hujjatlarni, fotosuratlarni va evakuatsiya bayonnomalarini chop etish uchun foydalanadi. NASAning ma’lumotlariga ko‘ra, XKSda bir oyda mingdan ortiq sahifa chop etiladi. 17 yil davomida bu ishni ikkita Epson Stylus Color 800 printeri bajargan. Ularning biri AQSh tomonida, ikkinchisi esa Rossiya tomonidan joylashgan.

Kosmonavtlarning so‘zlariga ko‘ra, 2000-yilda olib chiqilgan printerlar anchagina eskirgan. XKSga ikki marta parvoz qilgan amerikalik Jon Pettitning aytishicha, so‘nggi besh-olti yil ichida XKSda printerlar muammoga aylangan.

XKS menejeri Stefan Hanterning ma’lum qilishicha, vaqt o‘tish bilan printerlar “muzey eksponatlari”ga aylangan.

NASA 2015-yilda HP kompaniyasi bilan birga printerlarni yangilash ustida ish boshlagan. Bunda amalda mavjud bo‘lgan model olingan, biroq u XKS sharoitlariga va vaznsizlik holatiga moslashtirilgan. Qurilma parabolik parvoz yordamida sinab ko‘rilgan.

Yangi printerlar 2018-yilning fevral oyida SpaceX missiyasi yordamida XKSga yetkaziladi. NASA qurilmalarning 2024-yilgacha o‘zgartirilmasligiga umid qilmoqda. Shu yilda XKSning ishlash muddati ham tugaydi.