Fransiyalik himoyachi Patris Evra Yevropa Ligasi tarixiga kirdi. Unga qadar hali hech bir futbolchi bellashuv boshlanmasidan turiboq qizil kartochka olib ulgurmagandi.

Foto: Getty Images

Yevropa Ligasining 4-turini o‘tkazish uchun Portugaliyaga — “Vitoriya Gimaraynsh” bilan o‘yin uchun tashrif buyurgan “Marsel” futbolchilari maydon chetida mashg‘ulot o‘tkazayotgandi. Patris Evra jamoadoshlari bilan mashg‘ulot o‘tayotgan vaqtda, aynan marsellik muxlislar tajribali himoyachini tinimsiz haqoratlab turgan, deb yozdi “Chempionat” L'Equipe jurnalistining Twitter’dagi fikrlariga asoslanib.

Evra yarim soatlar chamasi tishini-tishiga qo‘ygan. Keyin esa haqoratlayotgan muxlislar orasidan o‘ziga eng yaqiniga yugurib burib, oyog‘i bilan fanatning boshiga zarba bergan. Ijtimoiy tarmoqlarga joylangan videoda qolgan fanatlar ham maydonga tushib ketganini ko‘rish mumkin. Stadion styuartlari va xavfsizlik xodimlari janjal avjiga chiqib ketmasligini ta’minlay olgan.

Bellashuvni boshqarishi kerak bo‘lgan vengriyalik referi Tomash Bognar ko‘p o‘tmay Patris Evraga qizil kartochka ko‘rsatdi. Bu tarixiy voqea sifatida qayd etildi. Marsellik futbolchilardan yana biri Bubakar Kamara 86-daqiqada qizil oldi. O‘yin fransiyalik futbolchilarning 0:1 hisobidagi mag‘lubiyati bilan yakuniga yetdi.