O‘z vaqtida AQShning O‘zbekistondagi elchixonasida faoliyat olib borgan, xususan, jamoatchilik bilan aloqalarga mas’ul bo‘lgan amerikalik diplomat Mark Askuino Nyu-Yorkda 31-oktabr kuni yuz bergan terakt yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi. U o‘z fikrlarini Facebook’dagi sahifasida yozib qoldirdi.

Foto: “Lexpress.mu”

8 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan terakt 2010-yili O‘zbekistondan AQShga ko‘chib kelgan va Amerikadagi hayoti davomida radikallashgan Sayfullo Soipov tomonidan amalga oshirilgan. Amerikalik diplomat ba’zi OAVlar tomonidan Soipovning vatani — O‘zbekiston qora bo‘yoqlarda tasvirlanishiga e’tiroz bildirgan.

Ayni vaqtda, Mark Askuino Facebook’dagi munosabati davomida AQSh prezidenti Donald Trampni ham bilvosita tanqid ostiga olgan. Tramp, Nyu-Yorkdagi terakt va uni sodir etgan shaxsning kelib chiqishidan foydalanib, “Grin kard” viza lotereyasini to‘xtatish tashabbusini zo‘r berib ilgari surmoqda.

O‘zbekiston nomi — yangiliklarda. Ammo, afsuski, bunga ijobiy voqealar sabab emas. Ommaviy axborot vositalari avtomashina vositasida amalga oshirilgan va sakkiz kishining hayotiga zomin bo‘lgan kechagi mudhish hujum haqida yozarkan, qotilning O‘zbekistondan (qonuniy yo‘l bilan) ko‘chib kelganiga urg‘u bermoqda.

2001-yil 11-sentabr fojiasi yuz bergan vaqt men Toshkentda edim. O‘shanda AQShda bo‘lgan fojia ortidan o‘zbekistonliklarning bizga bildirgan hamdardligi va ko‘rsatgan mehr-oqibatini hech qachon unutmayman. Terakt yuz berganidan keyingi bir necha soat ichida Amerika elchixonasi gullar-u hamdardlik maktublariga to‘lib ketgan. O‘zbekistonliklar men va rafiqam bilan ko‘rishganda bu mudhish voqeadan afsusda ekanliklarini bildirishardi. Qurbon bo‘lganlar orasida o‘zbekistonliklar ham bor edi.

Men iliq xotiralar bilan yodga oladigan O‘zbekiston hurmatga loyiq ajoyib insonlarga to‘la. “Grin kard” viza lotereyasi ko‘plab o‘zbekistonliklarning bu yerga ko‘chib kelishiga, o‘zining mehnatkashligi, vatanparvarligi hamda madaniyati bilan rang-barang jamiyatimizni yanada boyitishiga imkon berdi. Aqldan ozgan bir shaxsning qilmishini unga aloqador butun bir millatga bog‘lash noto‘g‘ri. Shuningdek, viza lotereyasiga raxna solish maqsadida bu voqeaga siyosiy tus berish ham sharmandalikdir.

Mark Askuino, O‘zbekistonda ishlagan amerikalik diplomat