O‘zbekiston Milliy Olimpiya Qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov ayni paytda Chexiya poytaxti Pragada bo‘lib turibdi, deb yozdi tashkilot matbuot xizmati. U Milliy Olimpiya Qo‘mitalari Assotsiatsiyasining XXII Bosh Assambleyasida O‘zbekiston nomidan ishtirok etmoqda.

Foto: MOQ

Qosimov Chexiyadagi yirik konferensiyada shunchaki ishtirok etib qaytmaydi. U Olimpiada tasnifiga kirgan bir qator sport turlarining jahondagi prezidentlari bilan uchrashishi kerak. 31-oktabr kuni O‘zbeiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda sportni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazganida, MOQ oldiga xalqaro sport federatsiyalari bilan mustahkam aloqalarni tezroq o‘rnatish vazifasini qo‘ygandi.

Oybek Qosimov aynan o‘sha missiya asosida Pragadagi konferensiyadan tashqari alohida uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Bir necha kun davomida MOQ bosh kotibi quyidagi tashkilotlar prezidentlari bilan uchrashadi:

  • Pere Miro — XOQning “Olimpiya Birdamligi” dasturi direktori
  • Xulio Sesar Maglione — Xalqaro Suzish Federatsiyasi (FINA) prezidenti
  • Haydar Farmon — Xalqaro Kurash Assotsiatsiyasi (IKA) prezidenti
  • Nenad Lalovich — Birlashgan Kurash Dunyosi (UWW) prezidenti
  • Tomash Ayayn — Xalqaro Og‘ir Atletika Federatsiyasi (IWF) prezidenti
  • Obayd Al-Anzi — Osiyo Dzyudo Ittifoqi prezidenti
  • Sebastyan Koe — Xalqaro Yengil Atletika Federatsiyalari Assotsiatsiyasi (IAAF) prezidenti
  • Sergey Bubka — Xalqaro Yengil Atletika Federatsiyalari Assotsiatsiyasi (IAAF) vitse-prezidenti

Oybek Qosimov hozirga qadar Milliy Olimpiya Qo‘mitalari Assotsiatsiyasi prezidenti, bir vaqtning o‘zida Osiyo Olimpiya Kengashi prezidenti shayx Ahmad Al-Fahad As-Saboh bilan uchrashib ulgurdi. Uchrashuvdan keyin As-Saboh 2017-yil so‘ngiga qadar Toshkentga kelishga va’da berdi.

Foto: MOQ

MOQ bosh kotibi Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax bilan ham alohida fikrlashib oldi. O‘zbekiston delegatsiyasining Rio—2016 Olimpiadasidagi ishtirokini yuqori baholagan Tomas Bax 2018-yil Janubiy Koreya mezbonlik qiladigan qishki Olimpiada yakunida, aniqrog‘i, mart oyida Toshkentga kelishga va’da berdi.

Foto: MOQ

Shuningdek, Og‘ir Atletika Federatsiyasi (IWF) prezidenti Tomash Ayyan ham Oybek Qosimov bilan alohida uchrashuvda bo‘ldi. Uning yakuni esa Ayyanning 2018-yil O‘zbekistonga 2 marta tashrif buyurishga bergan va’dasi bilan yodda qoldi.

Foto: MOQ

O‘zbekiston 2018-yil og‘ir atletika bo‘yicha 2 ta katta turnirga mezbonlik qiladi. 20—30-aprel kunlari o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo Chempionati turizm salohiyatini rivojlantirish uchun Xivada bo‘lib o‘tadi. 3—14-iyul kunlari esa yoshlar o‘rtasidagi Jahon Chempionati Toshkentda o‘tadi.