Sog‘liqni saqlash vazirligi respublika tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritib kelgan va hududlarda rahbar lavozimida ishlash “istagini” bildirgan mutaxassislar “o‘z xohishiga ko‘ra” viloyatlarga yuborilganini ma’lum qildi.

Foto: O‘zA

Viloyatlarni malakali kadrlar bilan ta’minlashga bo‘lgan intilish har qancha tahsinga loyiq. Shu bilan birga, nafaqat shifokorlar, balki olimlar, pedagoglar, bank xodimlari, jurnalistlar, tadbirkorlar, xullas, katta qatlamni poytaxtda qolishga undayotgan sabablarni tahlil qilish foydadan xoli bo‘lmasdi. Zero, ma’lum vaqt joylarga rahbarlikka jo‘natilayotgan mutaxassislar, budjet o‘rnida tahsilni tamomlagan talabalar muddat yakunlanganidan so‘ng yana ortga qaytmasligiga kafolat yo‘q.

Aslida megapolisda yashashga intilish O‘zbekistondagina kuzatilayotgan voqelik emas. “Shoirlar qishloqda tug‘ilib, Parijda o‘ladi” degan iborani biz o‘ylab topmaganmiz, bu kecha yoki bugungi gap ham emas. Ichki va tashqi migratsiya dunyo miqyosida kuzatilayotgan, keyingi yillarda ayniqsa keng tus olgan holat.

Qishloqda o‘sib-ulg‘aygan yigit-qiz tuman yoki viloyat markazini orzu qiladi, markazdagilar poytaxtni ko‘zlaydi. Poytaxtlik esa ish yoki o‘qish istagida, aytaylik, Rossiya, Boltiqbo‘yi, Polsha yoki Chexiyani rejalaydi. O‘z navbatida, bu davlatlarda AQSh, Kanada yoki Yevropaning boy davlatlari elchixonasi eshigini qoqayotganlar oz emas.

Ayni paytda, poytaxtda qolishga intilishning mahalliy, o‘ziga xos omillari ham yo‘q emas. Ulardan ayrimlarini sanab o‘tish mumkin.

Toshkent — yagona megapolis. Xorijda ilm-fan, madaniyat, sport, moliya, biznes vakillari hayot bir maromda kechadigan poytaxtni emas, yirik megapolislar (Nyu-York, Rio-de-Janeyro, Karachi, Istanbul, Mumbay, Shanxay) yoki ma’lum bir yo‘nalishga mo‘ljallangan maxsus hududlarni (Silikon vodiysi, Bangalor) afzal ko‘radi. Osuda poytaxt asosan siyosiy elitani o‘ziga jalb etadi.

Doni Makkaga ketgan chumchuqni qaytarishga qodir Toshkentda esa barchasi jamuljam bo‘lganini kuzatish mumkin. Agar bunga rejalashtirilayotgan Tashkent City’ni ham qo‘shsangiz, vaziyat yanada oydinlashadi.

Maishiy komfort istagi. Yil-o‘n ikki oy gaz ballonlari keltirilishini kutish, kuz-qishda o‘tin-ko‘mir g‘amlash, elektr necha soat berilishidan fol ochish, yo‘llar holati har qanday metin asabni ham yemiradi.

Farzandi puxta va sifatli ta’lim-tarbiya olishiga intilish. Bog‘cha, maktab, kollej yoki litsey, oliy o‘quv yurtidagi ta’lim-tarbiya sifati darajasi viloyat va poytaxtda farqli ekanligi sir emas.

Joylardagi ma’muriy bosim. U turli ko‘rinishlarda (metallolom, obuna, davomat, komissiya, futbol klubiga o‘lpon, obodonlashtirish, dala yumushlari, paxta yig‘im-terimi, majlislar) namoyon bo‘ladi va deyarli to‘xtovsiz davom etadi.

“Ijtimoiy liftlar”ning yetarlicha ishlamasligi, yuzaga chiqish ehtimolining pastligi. Katta-kichik idoralar, hokimliklarda har yili kadrlar zaxirasi yangilanaveradi, biroq ularda qayd etilganlar lavozimlarni egallayotgan yoki yo‘qligi mavhum bo‘lib qolaveradi. Mahalliychilik, tanish-bilish va moliyaviy imkoniyat masalalari oldingi o‘rinlarga ko‘tariladi.

Poytaxtda iqtidori, tirishqoqligiga tayanib, o‘zini ko‘rsatish, mansab pillapoyasidan ilgarilash imkoniyati yuqori. Nima ko‘p — vazirlik, tashkilot, kompaniya, firma va ularda, viloyatlardan farqli ravishda, negadir doimo ish albatta topiladi.

Bu ro‘yxatni yana uzoq davom ettirish, e’tibor berilmagan qaysidir omillarni qo‘shish mumkin. Asosiysi, sanab o‘tilgan muammolardan ko‘z yummaslik va ularni mutaxassislarni joylarga yuborish bilangina bartaraf etib bo‘lmasligini anglab yetishda.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.