Rossiyaning Vladimir viloyatidagi Vyazinovskiy tumanida joylashgan chuqurligi 20 metr bo‘lgan Sakantsi ko‘li yer ostiga g‘oyib bo‘ldi. Bu haqda viloyat ma’muriyatining suv resurslari va suvdan foydalanish bo‘limi rahbari Ivan Shaposhnikovga tayanib, “Interfaks” xabar berdi.

Uning tushuntirishicha, bu hodisa mazkur tumanda kechayotgan karst hosil bo‘lish jarayoni tufayli yuz bergan.

Gruntning yuvilib ketishi natijasida bo‘shliqlar hosil bo‘lgan va ko‘lning suvi baliqlar bilan birga bo‘shliqqa tushib ketgan. Ko‘lga bundan keyin nima bo‘lishi hozircha noma’lum. Bo‘shliq joylar to‘lganidan so‘ng ko‘lning yana o‘z holiga qaytish ehtimoli bor. Hozirgi vaqtda ko‘lning o‘rnida faqat chuqurlar qolgan.