Hindistonning Dehli va Germaniyaning Erlangen universiteti olimlaridan iborat tadqiqotchilar Hindiston g‘arbidagi Gujarat shtatidan 90 million yil avval qirilib ketgan dengiz sudralib yuruvchilaridan biri ixtiozavr skeletini topdi, deb xabar beradi “TASS”.

Foto: “TASS”

Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, bu juda kam uchraydigan topilma, chunki paleontologlar bunga qadar ixtiozavrlarning ayrim bo‘laklarinigina topishga muvaffaq bo‘lgan.

Olimlar deyarli butun saqlangan skeletni topdi. Ularning fikricha, qadimiy gigantning uzunligi 5,5 metrga yetgan. Yirtqichning tishlari qoldiqlarini tahlil qilish orqali olimlar uning nima bilan oziqlanganini ham aniqlashga muvaffaq bo‘ldi.

Uning ratsionidan asosan, baliq, mayda dengiz jonivorlari va shunga o‘xshash suvda uchraydigan yemaklar o‘rin olgan.

“Yaqin vaqtda mazkur hududda ixtiozavrlarning boshqa turlari va boshqa dengiz sudralib yuruvchilarining qoldiqlarini topish maqsadida qazilma ishlarini kengaytirishni rejalashtirmoqdamiz”, — deydi tadqiqot guruhi vakili Guntapalli Prasad.

Ixtiozavrlar tashqi ko‘rinishidan delfin va kitlarni eslatuvchi qirilib ketgan dengiz jonivori hisoblanadi.