O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilgan “Kam ta’minlangan oilalarni bandlik bilan ta’minlash uchun tijorat banklari tomonidan mikrokreditlar ajratish tartibi to‘g‘risida”gi nizomni tasdiqladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Ushbu nizomga asosan, tijorat banklari muayyan mehnat turlari bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan kam ta’minlangan oilalarga ularning oilalarini yetarli darajada ta’minlash imkonini beradigan imtiyozli shartlar asosida mikrokreditlar ajratib boradi.
Mikrokreditlar qarz oluvchilarga tikuv mashinalari, matolar va boshqa materiallar, kosibchilik faoliyati uchun inventarlar, maishiy, kompyuter va boshqa texnika, shuningdek, mehnat bilan bandlikni ta’minlovchi boshqa asbob-uskuna xarid qilish, shaxsiy tomorqa uchastkalarini rivojlantirish (kichik issiqxonalar barpo etish, chorva mollari, parranda sotib olish, og‘ilxona va tovuqxona qurish, bog‘dorchilik inventarlari va asboblari xarid qilish maqsadlari uchun) eng kam ish haqining 100 baravari miqdorigacha yillik 4 foiz stavkada ajratiladi.
Mikrokreditlar qaytarish muddatini uzaytirish huquqisiz, 6 oygacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga beriladi.
Qarz oluvchilar ariza bilan birgalikda mikrokreditlar qaytarilishining ta’minoti sifatida bankka mol-mulk garovi, tijorat banki yoki sug‘urta kompaniyasi kafolati, uchinchi shaxs kafilligi, sug‘urta polisidan birini, shaxsiy tomorqa uchastkalarini rivojlantirish maqsadida so‘ralgan hollarda esa tomorqa uchastkasi mavjudligini tasdiqlovchi o‘zini-o‘zi boshqarish organlari tomonidan berilgan ma’lumotnomani taqdim etadi.
Kreditni ajratish to‘g‘risidagi qaror tijorat banklari tomonidan arizalar kelib tushgan kundan boshlab uch bank ish kunida qabul qilinadi.
Qarz oluvchilar mikrokredit hamda unga hisoblangan foizlarni naqd pulda, bank plastik kartochkalari orqali yoki qarz oluvchining omonat hisobvarag‘idan pul o‘tkazish yo‘li bilan to‘lashi mumkin.
Olingan mikrokreditdan boshqa maqsadda foydalanilgani aniqlangan hollarda bank kredit shartnomasida belgilangan tartibda mikrokreditning maqsadsiz ishlatilgan qismini qarz oluvchidan muddatidan oldin undirib olish huquqiga ega.
Izoh (0)