Manxettenda sodir bo‘lgan noxush hodisadan so‘ng, o‘zbek jamoatchiligining mahalliy rahbarlari 1-noyabr, chorshanba kuni Shepsxed ko‘rfazida shahar meri bilan uchrashdi. Bu haqda Brooklyn.news’ga tayanib, Forum Daily xabar berdi.

Fot: Forum Daily

Bruklin butun AQSh bo‘ylab o‘zbek jamoatchiligi eng ko‘p istiqomat qiladigan shaharlardan biri hisoblanadi.

Bruklinda yashovchi, taniqli o‘zbek faollaridan biri bo‘lgan Mirrahmat Mo‘minovning aytishicha, Soipov AQShga ko‘chib kelganidan keyingina o‘z qarashlarini o‘zgartirib, radikallashgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Soipov o‘zini jamoatchilikdan ajralgandek his qilgan. Taksi xizmatiga ishga kira olmagach, jahldor bo‘lib qolgan.

Katon institutining ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 20 yil ichida AQShga 40 mingga yaqin o‘zbek ko‘chib kelgan va ularning 2 foizinigina noqonuniy kelganlar tashkil etadi.

Vashington tadqiqot tashkilotidan bo‘lgan politolog Devid Birning ta’kidlashicha, 31-oktabr kuni sodir bo‘lgan noxush hodisa O‘zbekiston fuqarosi tomonidan AQShda sodir etilgan birinchi qotillikdir.