AQSh hukumati “Grin kard” viza lotereyasini joriy bosqichda to‘xtatmaydi va unga hech qanday o‘zgartirish kiritmaydi. Bu haqda AQSh Davlat departamenti rasmiy vakili ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Kommersant”.

Foto: Fotolia

“Hozirgi vaqtda qonun bilan belgilangan ‘Turli millatga mansub immigrantlar vizasi’ dasturiga hech qanday o‘zgartirishlar kiritilmayapti. Bu masala yuzasidan qolgan axborot uchun Oq uyning 8-oktabrdagi bayonoti bilan tanishib chiqishni tavsiya qilamiz”, — dedi Davlat departamenti vakilasi.

Diplomat tilga olingan va Oq uy matbuot kotibi Sara Sanders nomidan tarqatilgan bayonotda, xususan, immigratsion vizalar o‘ynaladigan “Grin kard” lotereyasini tugatishga chaqiriq bor. Bayonotda ta’kidlanishicha, ushbu viza dasturida qatnashuvchi aksariyat chet elliklarning AQSh bilan hech qanday aloqasi yo‘q, ular biror amaliy ko‘nikmaga ega emas va ta’lim darajasi ham cheklangan.

Eslatib o‘tamiz, Nyu-Yorkda 31-oktabr kuni yuz bergan teraktdan so‘ng, AQSh prezidenti Donald Tramp fuqarolari AQSh hududiga kirishi cheklangan mamlakatlar ro‘yxatini kengaytirishga va’da bergan, shuningdek, “Grin kard” viza lotereyasini tanqid qilgan edi.

Ma’lumot uchun, Nyu-Yorkda terakt kelib chiqishi o‘zbekistonlik Sayfullo Soipov tomonidan amalga oshirilgani gumon qilinmoqda. U politsiya tomonidan hibsga olingan. Terakt oqibatida 8 kishi halok bo‘lgan, 11 kishi tan jarohati olgan.