Samarqand viloyatida 30 777 AAA davlat raqam belgisi 301 654 338 so‘mga sotildi. Bu auksion tarixidagi eng katta summadir, deb yozadi UzNews nashri.

Foto: UzNews

Ushbu davlat raqam belgisi uchun kimoshdi savdosi 18-oktabr kuni, 14 977 500 so‘m boshlang‘ich narx bilan boshlangan edi.

UzNews’ning o‘z manbalariga asoslanib xabar berishicha, raqam uchun kimoshdi savdosi 1-noyabr kuni mahalliy vaqt bilan 18:35 da tugagan.

301,6 million so‘mlik (Markaziy bankning 1-noyabr kuni kursi bo‘yicha — 37 340 dollarlik) raqam Samarqand shahridagi yuridik shaxsga sotilgan.

Xabar berishlaricha, kimoshdi savdosida g‘olib chiqqan yuridik shaxs endi uch ish kuni ichida ko‘rsatilgan summani to‘lab, raqamni olib ketishi mumkin.

Taqqoslash uchun, 301 million so‘mga GM Uzbekistan tomonidan ishlab chiqarilayotgan Matiz avtomobilidan 7 dona, yoki Spark avtomobilidan 5 dona, yoki Lacetti avtomobilidan 3 dona sotib olish mumkin edi. GM Uzbekistan’ning eng qimmat modeli — yangi Chevrolet Malibu’ning narxi 231,4 million so‘m.