23-oktabrdan 1-noyabrga qadar O‘zbekiston qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi dlelegatsiyasi AQShda bo‘ldi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
AQSh qishloq xo‘jaligi vazirligida o‘tkazilgan ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralarda O‘zbekiston tomoni innovatsion va amaliy qishloq xo‘jaligi fani yo‘nalishi bo‘yicha hamkorlik masalalariga e’tibor qaratda. Shuningdek, boshqa yo‘nalishdagi ikki tomonlama hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi axborotiga ko‘ra, Michigan va Ogayo shtatlari universitetlariga tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi qishloq xo‘jaligi sohasidagi OTMlar darajasidagi hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib borgan, universitetlar faoliyati bilan, shu jumladan, axborot-konsultatsiya markazlari, o‘quv dasturlari, tadqiqiy imkoniyatlar va ilmiy baza bilan batafsil tanishgan.
Muzokaralar yakunlariga ko‘ra Michigan shtati universiteti va Toshkent davlat agrar universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligi mexanizatsiyasi instituti, Andijon va Samarqand qishloq xo‘jaligi institutlari bilan anglashuv memorandumlari imzolandi.
Delegatsiya, shuningdek, “Xalqaro ta’lim bo‘yicha AQSh kengashlari” (ACIE) bilan muzokaralar o‘tkazib, uning davomida tashkilotning O‘zbekiston bilan hamkorlikka bo‘lgan qiziqishini qayd qildi.
Izoh (0)