O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-noyabr kuni mamlakatga amaliy tashrif bilan kelgan BMT bosh kotibi o‘rinbosari, BMTning narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi ijrochi direktori Yuriy Fedotovni qabul qildi. Bu haqda Prezidentning rasmiy saytida ma’lum qilindi.
Davlat rahbari mehmonni qutlar ekan, O‘zbekistonning BMT, uning tuzilmalari va institutlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorligi jadal rivojlanayotgani va mustahkamlanayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi.
O‘zbekiston BMTning narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi bilan giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishi, transmilliy uyushgan jinoyatchilik va xalqaro terrorizmga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratishi ta’kidlandi.
Boshqarmaning texnik ko‘magida yuqorida qayd etilgan sohalarda milliy va mintaqaviy loyihalar bajarildi va amalga oshirilmoqda. Toshkent shahrida ushbu tuzilmaning Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vakolatxonasi faoliyat yuritmoqda.
Uchrashuvda o‘zaro hamkorlikning “yo‘l xaritasi” — amaliy harakatlar rejasini ishlab chiqish va qabul qilish asosida narkotrafik, jinoyatchilik va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar ko‘rish va birgalikdagi ishlarni yanada kuchaytirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Yuriy Fedotov Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik izhor qildi.
BMT vakili Shavkat Mirziyoyev tomonidan Markaziy Osiyoda tinchlik, osoyishtalik va barqaror taraqqiyotni mustahkamlash, mintaqa mamlakatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro anglashuv va umumiy manfaatlar asosidagi hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan siyosatni yuqori baholadi. O‘zbekiston Prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida bayon etilgan tashabbuslarning dolzarbligi va o‘z vaqtida ilgari surilgani alohida ta’kidlandi.
BMT bosh kotibi o‘rinbosari nufuzli xalqaro tashkilotning O‘zbekiston bilan global xavf-xatar va tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha uzoq istiqbolga mo‘ljallangan va tizimli hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanini ta’kidladi.
Izoh (0)