Taksiga onlayn buyurtma berish imkonini taqdim etuvchi Amerikaning Uber kompaniyasi Nyu-Yorkda 31-oktabr kuni yuz bergan terakt ijrochisi deb gumon qilinayotgan, kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan Sayfullo Soipov haqiqatan ham mazkur servisda haydovchi bo‘lib ishlaganini tasdiqladi. Bu haqda, Uber’ning tegishli bayonotiga asoslanib, Business Insider nashri xabar bermoqda.

Foto: Business Insider

“Biz shafqatsizlikning bunday ma’nisiz namoyon bo‘lishidan dahshatga tushdik. Hozir qalbimiz qurbonlar va ularning oila a’zolari bilan birga. Biz huquq-tartibot organlari bilan bog‘landik va ularga to‘liq ko‘mak ko‘rsatishga tayyormiz”, — deyiladi kompaniya bayonotida.

Uber’dagilarning qayd etishicha, Soipov kompaniyada olti oydan ziyod vaqt davomida ishlagan va bu davr ichida 1 400 dan ortiq buyurtmani bajargan, shundan so‘ng kompaniya u bilan hamkorlikni to‘xtatgan. Hamkorlik nima sababdan to‘xtatilganiga aniqlik kiritilmagan.

Uber’da ish boshlashdan avval Soipov servis haydovchilari uchun odatiy hisoblangan tekshiruvdan o‘tgan — unga ko‘ra, haydovchi o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha sudlanmagan bo‘lishi, so‘nggi uch yil davomida yo‘l harakati qoidalarini uch martadan ko‘p buzmagan bo‘lishi hamda AQSh namunasidagi haydovchilik guvohnomasini olganiga bir yildan oshgan bo‘lishi kerak.

31-oktabr, seshanba kuni pikap haydab kelayotgan erkak mashinasini odamlar ustiga haydagan; hodisa oqibatida sakkiz kishi halok bo‘lgan. OAV ma’lumotiga ko‘ra, avtomobil rulida kelib chiqishi o‘zbekistonlik Sayfullo Soipov bo‘lgan. Mahalliy ma’muriyat Soipov mashinani qasddan odamlar ustiga haydagan deb hisoblamoqda, hodisa esa terrorchilik harakati deya baholanmoqda.