AQShning Toshkentdagi elchixonasi O‘zbekiston Nyu-Yorkda sodir etilgan teraktni taftish qilishda yordam berishga tayyorligi haqidagi taklif uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi. Bu haqda elchixonaning Facebook’dagi sahifasi chop etilgan bayonotda aytildi.

Foto: Facebook / U.S. Embassy Tashkent

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-Yorkdagi terakt munosabati bilan AQSh prezidenti Donald Trampga hamdardlik yo‘lladi.

“Ushbu shafqatsiz jinoyatni hech qanday yo‘l bilan oqlab bo‘lmaydi. Biz ekstremizm va terrorizmning har qanday shakli va ko‘rinishini qattiq qoralaymiz”, — deb yozadi O‘zbekiston Prezidenti.

U sodir bo‘lgan fojia bu kabi noinsoniy zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashda xalqaro hamjamiyatning barcha kuchlarini birlashtirish zarurligini yana bir tasdiqlashini ta’kidlab o‘tdi.

“O‘zbekiston o‘z tomonidan mazkur terroristik aktni tergov qilishda ko‘maklashish uchun barcha kuch va vositalarni ishga solishga tayyor”, — deyiladi Shavkat Mirziyoyev maktubida.