O‘zbekiston Prezidenti 1-noyabr kuni “Ilmiy-tadqiqot muassasalarining infratuzilmasini yanada mustahkamlash va innovatsion faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zAda keltirildi.
Hujjatga keltirilgan sharhlarda aytilishicha, davlat rahbarining akademiklar va ilm-fan ziyolilari bilan 2016-yilning dekabrida o‘tkazgan uchrashuvi, shuningdek, 2017-yil 17-fevralda “Fanlar akademiyasi faoliyati, ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, boshqarish va moliyalashtirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2789-sonli qarorining qabul qilinishi respublikada ilmiy-texnik faoliyatni rivojlantirishda keng ko‘lamdagi tizimli o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘tgan davr mobaynida ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan 35 dan ortiq me’yoriy-huquqiy hujjat, jumladan, O‘zbekiston Prezidentining sakkizta farmoni va sakkizta qarori qabul qilindi. Fanlar akademiyasi tarkibidagi to‘qqizta ilmiy-tadqiqot instituti qayta tiklandi, qator ilmiy muassasalar qayta tuzildi, Fanlar akademiyasining fan yo‘nalishlari bo‘yicha uchta bo‘limi va Navoiy bo‘limi tashkil etildi. O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha Jamoatchilik kengashi, Fan va texnologiyalar bo‘yicha davlat komissiyasi, Fan va texnologiyalar agentligi, Ilmiy-texnik faoliyatni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi faoliyati tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining yangi haqiqiy a’zolari (akademiklari)ning saylovi bo‘yicha tashkiliy ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan bir qatorda, sir emaski, ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy-texnik salohiyati, kadrlar bilan ta’minlanganligi, moddiy-texnika, laboratoriya va tajriba bazasining hozirgi holati mamlakatning yuqori sur’atlardagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasiga javob bermaydi. Ilm-fan raqobatbardoshligini oshirish va uni dunyoning eng rivojlangan davlatlari ilm-fani darajasiga mosligini ta’minlash masalalari keskinligini saqlab qolmoqda. Ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini moliyalashtirish tizimida hal qilinishi lozim bo‘lgan ayrim muammolar o‘z yechimini kutmoqda.
Ushbu sohada to‘planib qolgan muammolarni hal qilish, ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish, moddiy-texnika va laboratoriya-tajriba bazasini mustahkamlash, innovatsion faoliyatni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berish maqsadida O‘zbekiston Prezidentining “Ilmiy-tadqiqot muassasalarining infratuzilmasini yanada mustahkamlash va innovatsion faoliyatni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qaror bilan fan va innovatsiya sohasida oltitata ustuvor yo‘nalish bo‘yicha qirqdan ortiq tadbirlarni o‘z ichiga olgan 2017–2021-yillarda ilmiy-tadqiqot muassasalarining infratuzilmasini mustahkamlash va innovatsion faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Iqtidorli yoshlarni ilmiy-tadqiqot faoliyatiga keng jalb qilish uchun zarur sharoitlarni ta’minlash maqsadida, doktoranturada o‘qish uchun maqsadli kvotalarni ajratish amaliyotini joriy qilish choralari nazarda tutilgan, hamda ilmiy kadrlarning akademik mobilligini oshirish va ularning ilmiy yutuqlarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kuchaytirish belgilangan.
Shuningdek, ilmiy faoliyat hamda ta’lim jarayoni integratsiyalashuvini yanada chuqurlashtirish bo‘yicha maqsadli choralarni amalga oshirish, bunda ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy xodim va mutaxassislarini oliy ta’lim muassasalaridagi o‘quv jarayoniga keng jalb qilish, magistrlik dissertatsiyalarining dastlabki himoyasini amaliyot o‘talgan muassasalarda o‘tkazish tartibini joriy etish ko‘zda tutilgan.
Amaliy choralarning yana bir muhim yo‘nalishi, respublika ilmiy muassasalarida olib borilayotgan tadqiqotlar saviyasini yuksaltirishga, ularni xalqaro talablarga ko‘ra ilmiy xalqaro bazalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. Ilmiy-tadqiqot muassasalarida mavjud hamda yangi tuzilayotgan ilmiy laboratoriyalar ilmiy salohiyatidan samarali foydalanish maqsadida ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalari tomonidan ilmiy va laboratoriya uskunalaridan birgalikda foydalanish mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari nazarda tutilgan.
Qarorga muvofiq, 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab gumanitar va boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega ilmiy-tadqiqot muassasalarining bino va inshootlarini saqlash, shuningdek, ularning ayrim toifadagi xodimlari mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirish davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bazaviy moliyalashtirish asosida amalga oshiriladi.
Mazkur qaror bilan rejalashtirilgan tadbirlar doirasida 30 dan ortiq ilmiy-tadqiqot muassasalarida ta’mirlash-qayta tiklash ishlari, 40 ta ilmiy-tadqiqot muassasasini zamonaviy ilmiy laboratoriyalar, asbob-uskunalar va jihozlar bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Bunda, laboratoriyalarni sarflanuvchi materiallar va reaktivlar bilan uzluksiz ta’minlashga sarflanadigan xarajatlar alohida nazarda tutilgan.
Umumiy qiymatda 2018–2021-yillarda Fanlar akademiyasi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Davlat veterinariya qo‘mitasi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi ilmiy-tadqiqot muassasalari bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash uchun 116 milliard so‘mdan ziyod, zamonaviy ilmiy va laboratoriya uskunalari bilan jihozlash, zarur materiallar va butlovchi qismlar bilan ta’minlash uchun 32,2 million AQSh dollaridan ortiq mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Izoh (0)