O‘zbekiston milliy terma jamoasini BAAga qarshi o‘rtoqlik o‘yiniga tayyorlash vazifasini olgan Ro‘ziqul Berdiyev “Interfutbol” nashriga intervyu berdi. Unda terma yig‘inni 10-noyabr kuni boshlashi aytilgan.

Foto: O‘FF

Ro‘ziqul Berdiyev hujumkor futbol tarafdori. U kichik imkoniyatdan maksimal foydalanish niyatida

Ish boshlab yubordik. Men “Buxoro” — “Paxtakor” o‘yinini tomosha qildim. Yordamchilarim “Bunyodkor” — “Sho‘rtan”ni kuzatdi. Ulardan tashqari, 3 ta o‘yin yozilgan videoni o‘rganib chiqdik. Keyinroq “Paxtakor” va “Bunyodkor” o‘rtasidagi Toshkent derbisi, “Lokomotiv” — “Qo‘qon-1912” uchrashuvlari o‘rganildi. Ayni paytda 50 nafarga yaqin nomzod ro‘yxati qo‘limizda bor.

Biz, shuningdek, BAA termasini ham o‘rganishni boshladik. Ularning JCh—2018 saralashidan joy olgan Tailand, Iroq va Saudiyaga qarshi o‘yinlari yozilgan disklarni yetkazib berishdi.

Ro‘ziqul Berdiyev, “Nasaf” bosh murabbiyi

Mutaxassis termani faqatgina 1 ta o‘yinga tayyorlaydi. Shundan kelib chiqib, u yordamchilar borasida “Nasaf”dagi sheriklarini afzal bilgan.

Menga Shuhrat Toshpo‘latov va Denis Ivankov ko‘maklashmoqda. Shuningdek, Ja’far Irismetov ham terma murabbiylar shtabidan joy oladi va biz bilan BAAga boradi.

Oliy Liga murabbiylari tavsiya qilgan futbolchilar ro‘yxatiga e’tibor qildik. Ular orasiga o‘zim shu kungacha kuzatib yurgan futbolchilarni ham qo‘shdim. Rejaga ko‘ra, 10-noyabr kuni Toshkentda yig‘ilamiz va ikki kun mashg‘ulot o‘tab, Amirliklarga uchib ketamiz.

Ro‘ziqul Berdiyev, “Nasaf” bosh murabbiyi

Foto: O‘FF

Jurnalist so‘nggi vaqtlarda juda ko‘p tanqid qilingan hujumchi Igor Sergeyev va Aleksandr Lobanov masalasiga alohida to‘xtalgan. Shuningdek, legioner futbolchilar haqida savol bergan. Avvalroq Berdiyev legionerlar yig‘inga chaqirilmasligi haqida aytgan bo‘lsa-da, hech bo‘lmasa Amirliklarda to‘p surayotgan futbolchilardan foydalanish mumkin emasmi, deb so‘ralgan.

Faqat mahalliy futbolchilar xizmatiga tayanamiz. Asosiy e’tibor termada o‘ynashga haqli bo‘lsa-da, e’tibordan chetda qolib kelayotgan futbolchilarga va albatta, yoshlarga qaratiladi. O‘ylaymanki, BAA ham bizga qarshi optimal tarkib bilan harakat qilmaydi. Chunki ularda ham murabbiy almashgan. Demak, o‘zgarishlar bo‘lishi kerak.

Sergeyev va Lobanov uchun terma eshiklari ochiq. Lekin men BAAdagi o‘yinda boshqa futbolchilarga e’tibor qaratmoqchiman. Chunki ularning ko‘pi termaga chaqirilgan o‘z vaqtida, biroq maydonga tushirilmagan.

Ro‘ziqul Berdiyev, “Nasaf” bosh murabbiyi

BAA va O‘zbekiston termalari o‘rtasidagi o‘yin 14-noyabr kuni Amirliklarda bo‘lib o‘tadi.

Yoshlar va olimpiyachilar tasnifida O‘zbekiston BAAdan kuchli. Navbat milliy termalar o‘yiniga