Yarim yil mobaynida muntazam ravishda kichik dozalarda aspirin qabul qilish saratonga chalinish xavfini sezilarli darajada, uning ba’zi turlarini xavfini esa 50 foizga  kamaytiradi. Bu haqda Xitoyning Gonkong universiteti o‘tkazgan tadqiqotlarga asoslanib, “TASS” xabar bermoqda.

Foto: “TASS”

Uzoq yillar mobaynida o‘tkazilgan tadqiqotlarga 600 ming kishi jalb etildi. Tekshiruvlar esa aspirin ayniqsa hazm qilish tizimida uchraydigan onkologik kasalliklarida samarali ekanligini ko‘rsatdi. Mazkur medikamentni qabul qilish natijasida jigar va qizilo‘ngach saratoniga chalinish ehtimoli 47 foizga, oshqozon saratoniga chalinish ehtimoli 38 foizga, oshqozon osti bezi saratoni xavfi 34 foizga, to‘gri va yo‘g‘on ichak saratoniga chalinish ehtimoli 24 foizga kamaygan.

“Uzoq muddat davomida har kuni 80 milligramm aspirin qabul qilish hazm qilish tizimida uchraydigan saraton kasalliklari xavfini kamaytiradi. Xuddi shunday xulosani boshqa turdagi saraton kasalliklariga nisbatan ham aytish mumkin. Xususan, aspirin qabul qilish leykemiya, o‘pka saratoni, prostati bezi saratonida samarali hisoblanadi”, — deydi Gonkong universiteti professori Kelvin Soy.

Biroq shunday onkologik kasalliklar borki, ularga aspirin ta’sir qilmaydi. Ko‘krak bezi saratoni, buyrak va qovuq saratoni shular jumlasidandir.