Jizzaxning “So‘g‘diyona” klubi bosh murabbiyi Igor Shkvirin O‘FF va PFLning Oliy Liga klublarini 12 ta qoldirish borasidagi qarorini qoraladi. Bu borada uning intervyusi “Championat.asia” saytida ko‘rinish berdi.

Foto: “Championat.asia”

Vadim Abramov: Jamoalar 12 ta qolar ekan. Futbolchilar shokda, mashg‘ulotlarni yig‘ishtirib qo‘yaveraylikmi?

Kayfiyat qanday bo‘lishi mumkin? Yangilikni eshitib, hammamiz hayron qoldik. O‘FF saytida chiqqan xabar kayfiyatimni ancha tushirib yubordi. Chunki federatsiya rahbariyati bilan uchrashganimizda boshqacha suhbat bo‘lgandi, amalda esa boshqacha bo‘lib chiqdi.

Igor Shkvirin, “So‘g‘diyona” bosh murabbiyi

Xushnud Xudoyberdiyev: Chempionat yakuni arafasida Oliy Ligada 12 ta klub qolishini e’lon qilish — korrupsiyaga qo‘yilgan qadam

Shkvirinning aytishicha, O‘FF avvaliga dastlabki 10 ta o‘rinda borayotgan klub rahbariyati bilan uchrashgan. Keyin esa qolgan 6 ta jamoa vakillarini chaqirgan. Suhbat davomida yosh futbolchilar, legionerlar kabi masalalar ko‘tarilgan. O‘FF bunda klub vakillarini eshitgan, biroq ular aytgan fikrlarga baribir quloq solmagan.

Oliy liga formati qanday bo‘lishi, nechta jamoani qoldirish, 12 tami, 14 tami, gap bordi. Shunda men ham o‘z fikrimni aytdim: mayli format o‘zgarsin, lekin 2018-yildan emas, balki 2019-yildan. Chunki bu yil chiqarilgan reglament keyingi yilgi musobaqa uchun asos bo‘lishi kerak.

O‘FFning qaroriga qarshi emasmiz, ammo sport tamoyillarini ham unutmasligimiz kerak. Agar O‘FF keyingi yil ham oliy ligada 16 ta jamoa ishtirok etadi va 2018-yildan boshlab 12 ta jamoani qoldiramiz deb, bir yil oldin ogohlantirganida boshqa gap edi. Yana qaytarib aytaman, federatsiyadagilar bizni eshitishdi, lekin quloq solishmadi.

Igor Shkvirin, “So‘g‘diyona” bosh murabbiyi

Foto: “Nasaf”

Futbol jurnalistlari 12 talik liga taklif qilgani rost. Biroq O‘FF va PFL umuman boshqa yo‘ldan yurgani ham haqiqat

Mutaxassis fikriga ko‘ra, bunday masalalarda shoshish yaramaydi.

Fikrim hozir ham o‘sha-o‘sha. Bu haqda reglamentga avvaldan kiritib o‘tish kerak, aytaylik, 4 yo 5 ta jamoa tushib ketadi, deya hammani oldindan ogohlantirib qo‘yish lozim. Men xohlardimki, hamma klublar bir xil sharoitga ega bo‘lsin. Hozir esa bunday bo‘lmayapti: qarordan biz qatori “Neftchi”, “Sho‘rtan” kabi klublar ham aziyat chekib qolishdi. Menimcha, bu qaror hali ko‘p muhokama qilinadi.

Biz oliy liga formati haqida gapiryapmiz va bunday paytda shoshmaslik kerak edi. Avval hammani yig‘ib majlis o‘tkazish, hammaning fikrini o‘rganib chiqish lozim edi. Yaxshi bilasiz, oldinlari bu kabi yig‘ilishlar bo‘lib turardi. Har bir jamoaning bosh murabbiyi va sport direktori kelib, o‘z fikrini ma’lum qilardi. Hozir esa umuman hech kim kutmaganda qaror chiqarildi. Sport tamoyillari bilan umuman hisoblashib o‘tirilmadi, reglamentga esa e’tibor ham berilmadi.

Axir klublar e’tiroz bildirmasa ham, reglament bor-ku. Agar hamma narsa bir pasda o‘zgaradigan bo‘lsa, unda nima uchun yil boshida reglament chiqarilgan? Mana shu sport tamoyili emasmi? Kechirasiz-u, biz hozir o‘zimiz yil boshida qabul qilingan qonunni buzyapmiz. Bu qaror natijasida kelasi yil ba’zi viloyatlarda katta futbol yo‘qolib qoladi.

Igor Shkvirin, “So‘g‘diyona” bosh murabbiyi

Avvallari O‘FF binosiga kirishda jurnalistlar, mutaxassislar uchun hech qanday muammo bo‘lmagan. Tashkilotning yangi rahbariyati esa bu holatni o‘ziga ep bilmagan.

O‘FFda yangi rahbariyat ish boshlaganidan beri faqat bir marta federatsiya binosiga bordim, ichkariga kirish qiyin bo‘ldi. Darvoza oldidagi militsiya xodimi hech kimni kiritmas ekan. Oldinlari bemalol kirib chiqardik, ammo hozir unday emas. Hozir chaqirishsagina borishingiz mumkin. O‘zingiz biror ish bilan borsangiz, ichkariga kirish qiyin.

Biz keyingi uchrashuvlarga ham doimgidek hozirlik ko‘ramiz. Kecha kechki payt mashg‘ulot o‘tkazdik va aytishim mumkin, qaror futbolchilarga ham jiddiy ta’sir qilib, hech kim ko‘ngildagidek mashq qila olmadi. Chunki qaror chempionat davom etayotgan paytda e’lon qilindi, shunisi yomon. Bu intriga tushib ketishiga olib keladi. Men ushbu qarorni to‘g‘ri deb bilmayman, chunki sport tamoyillari va hozirgi reglament umuman hisobga olinmadi.

Igor Shkvirin, “So‘g‘diyona” bosh murabbiyi