Fransiya va Belgiya tadqiqotchilari dinozavrlarning yangi turi — Matheronodon provincialis’ni aniqladi, deya xabar bermoqda Meduza. Arxeologlar jonivor qoldiqlarini Fransiya janubidan topgan. Matheronodon provincialis barcha qit’alarda yashagan o‘txo‘r dinozavrlar — Rabdodontlar oilasiga mansub.

Matheronodon provincialis’ning qaychiga o‘xshash katta jag‘lari bo‘lgan. Bu jag‘lar yordamida dinozavr sertola barglar va poyalarni chaynagan. Olimlarning taxminicha, bu dinozavr boshqa o‘txo‘r dinozavrlar yoqtirmagan o‘simliklar bilan oziqlangan.

Foto: Instagram / @rbinsmuseum

Olimlar dinozavr jag‘ining bir qismi va bir necha tishlarini topgan, xolos. Paleontologlar Matheronodon provincialis bosh suyagini qayta tiklab, uning tishlari boshqa o‘txo‘r dinozavrlarnikiga nisbatan o‘tkirroq bo‘lgan, degan xulosaga keldi. Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, tanasining uzunligi 5 metrgacha yetgan.

Olimlar yangi dinozavrning tuzilishi va nimalar bilan oziqlangani haqida yanada ko‘proq bilish uchun uning yana boshqa qoldiqlarini izlab topishga umid qilmoqda.