Islom Karimov ilmiy-ma’rifiy majmuasi sayti — “IslomKarimov.uz”da keltirilgan rasmiy tarjimai holida O‘zbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimovning uch farzandi bo‘lgani haqida ma’lumot berildi.

“Uning uch nafar farzandi va olti nafar nabirasi bo‘lib, ular bilan muloqot unga katta quvonch keltirardi”, — deyiladi majmua saytidagi tarjimai holda.

“IslomKarimov.uz” sayti o‘zbekcha versiyasidan skrinshot

Uch nafar farzand va olti nafar nabira haqidagi so‘zlar majmua saytining ingliz va rus tillaridagi talqinida ham qayd etib o‘tilgan.

“IslomKarimov.uz” sayti inglizcha versiyasidan skrinshot

“IslomKarimov.uz” sayti ruscha versiyasidan skrinshot

Qayd etish joiz, Birinchi Prezidentning avvalgi rasmiy tarjimai hollarida farzandlar soni ikki nafar, nabiralar soni besh nafar deb ko‘rsatilar edi.

Xususan, “Xalq so‘zi” gazetasida 2015-yil fevralida e’lon qilingan Islom Karimovning rasmiy tarjimai holida ikki farzandi, besh nafar nabirasi borligi ko‘rsatilgan.

“Xalq so‘zi” gazetasi saytidan skrinshot

Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati sayti — “Press-service.uz”ning “Archive.org”dagi 2016-yil 6-avgustdan saqlab qo‘yilgan talqinida ham Birinchi Prezidentning ikki farzandi, besh nabirasi borligi ta’kidlangan.

O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati sayti — “Press-service.uz”ning 2016-yil 6-avgustdagi holatidan skrinshot

Islom Karimov ilmiy-ma’rifiy majmuasi saytida Birinchi Prezidentning uchinchi farzandining ismi-sharifi, yoshi, jinsi va boshqa ma’lumotlari berilmagan.

Birinchi Prezident Islom Karimov nabiralari Islom va Imon bilan.
Kadr: YouTube

Islom Karimovning Gulnora (1972-yilda tug‘ilgan) va Lola (1978-yilda tug‘ilgan) ismli qizlari borligi ma’lum. Gulnora Karimovaning Islom ismli o‘g‘li va Imon ismli qizi, Lola Karimova-Tillayevaning Maryam va Sofiya ismli qizlari, Umar ismli o‘g‘li bor.

Islom Karimov va Tatyana Karimova qizi Lola Karimova-Tillayeva (chapdan ikkinchi), kuyovi Timur Tillayev (o‘ngdan birinchi), nabiralari Umar (chapdan birinchi) va Maryam bilan.
Foto: Instagram / @lola_tillyaeva