Kinorejissor Hilol Nasimovning “O‘zbekfilm”dan ketish sababi ma’lum qilindi, deb xabar beradi Uz24.

Foto: “O‘zbekkino”

Avval xabar berilganidek, Hilol Nasimov “O‘zbekfilm” rahbarligidan ozod etildi. “O‘zbekkino” axborot xizmati qayd etishicha, ushbu xabar OAV tomonidan boshqacha talqin qilingan, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarida noto‘g‘ri fikr shakllanishiga sababchi bo‘lgan. Shu sababli agentlik bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Rizayev yuzaga kelgan vaziyat yuzasidan izoh berdi.

“Taniqli kinorejissor Hilol Nasimovning ‘O‘zbekfilm’ kinostudiyasi direktorligidan ozod etildi degani uning ijoddan butunlay uzoqlashdi degan ma’noni anglatmaydi. Zero, agentlik axborot xizmati tomonidan berilgan xabarda ham ‘Nasimovning boshqa ishga o‘tganligi sababli’ deb izoh berilgan. Gap shundaki, Hilol Nasimovning kinorejissuradagi tajribasi inobatga olinib, uni davlat buyurtmasi asosida suratga olinishi rejalashtirilayotgan filmlarga jalb qilish va salohiyatidan samarali foydalanish maqsad qilingan. Jumladan, ‘O‘zbekkino’ milliy agentligi joriy yilning aprel–iyun oylari davomida O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda harbiy-vatanparvarlik mavzuidagi ssenariylar uchun tanlov e’lon qilgan edi. Rejissor Hilol Nasimov ushbu tanlovda g‘olib bo‘lgan ssenariylar asosida suratga olinishi rejalashtirilayotgan badiiy filmlarga jalb qilinganligini ma’lum qilamiz”, — dedi Shuhrat Rizayev.