Britaniyalik tadbirkor Richard Brenson yetti oydan so‘ng kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilayotgan kemada koinotga parvoz qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda u Nyu-Yorkda, Global Synergy forumidagi chiqishi chog‘ida ma’lum qildi, deb xabar beradi “TASS”.

SpaceShipTwo. Foto: 3DNews

Brensonga tegishli Virgin Galactic kompaniyasi oldinroq Unity modelidagi SpaceShipTwo sayyohlik kemasining turkum sinovlarini o‘tkazgandi. Qurilma tez orada suborbital koinot parvozini amalga oshirishi kutilmoqda.

“Bu uch-to‘rt oy ichida ro‘y berishi mumkin. Undan so‘ng yana uch oy o‘tib o‘zim ham koinotga yo‘l olishga umid qilyapman”, — dedi Brenson.

Ma’lumot uchun, Unity modeli joriy yil fevralida taqdim etilgan, uning ilk sinov parvozi esa 8-sentabrda bajarilgandi.