27-oktabr kuni jinoiy ishlar bo‘yicha Mirobod tuman sudi Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji o‘quvchisi Jasurbek Ibrohimovning o‘limi yuzasidan ish ko‘rilishi davom etdi. Advokatlar va marhumning onasi tinglandi, deb xabar beradi “Novosti Uzbekistana”.

Foto: “Novosti Uzbekistana”

Nilufar Aliyeva o‘zining sudga yakuniy murojaatida marhumni yana bir bor himoya qilib, dastlabki tergov va sud ishida kamchiliklar bo‘lganini ta’kidlab o‘tdi.

Jumladan, ayol jinoiy ish qo‘zg‘atish muddati 28 kunga kechiktirilganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga qaraganda, tergov sifatsiz olib borilgan, guvohlar xolisona so‘roq qilinmagan, sud-tibbiyot ekspertizasi o‘z vaqtida o‘tkazilmagan, birorta tergov eksperimenti o‘tkazilmagan, sud-tibbiyot ekspertizasining xulosasi jinoyat kartinasiga mos kelmaydi va hokazo. Asosiysi esa, uning aytishicha, Jasurbek hayotligida so‘roq qilinmagan.

Nilufar Aliyevaning fikricha, sud surishtiruvi ham shoshqaloqlik bilan o‘tkazilgan, jabrlanuvchi tomonning birorta guvohi bergan ko‘rsatmalar munosib baholanmagan, ayrim guvohlarning ko‘rsatmalari bir-biriga zid kelgani inobatga olinmagan. Buning bari yolg‘on guvohlik berish sifatida baholanishi lozim edi.

Shuningdek, Nilufar Aliyeva davlat ayblovchisi sud-tibbiyot ekspertizasi xulosasini inobatga olmaganini ta’kidladi. Ekspertiza natijalari Jasurbek ko‘pchilik tomonidan kaltaklanganini tasdiqlagan edi.

Jasurbekning onasi yana bir qiziq jihatga e’tibor qaratdi — sudga kollej o‘qituvchilari taklif etilmadi, ularga qo‘ng‘iroq qilib tushib bo‘lmagani bunga sabab sifatida ko‘rsatildi.

Ayolning fikricha, ish guruh bo‘lib sodir etilgan o‘ta og‘ir jinoyat sifatida tasniflanishi lozim edi.

Nilufar bu faktlarni o‘z ko‘rsatmalarid hamshira Malika Siddiqova ham tasdiqlaganini tushuntirib o‘tdi. Shuningdek, ayol davlat ayblovchisidan u Islombek To‘laganovga nisbatan yengillashtiruvchi moddani qo‘llab, olti yil koloniyaga hukm etishni so‘rashiga asos bo‘lgan faktlarni aniqlashtirishni so‘radi.

Shu kuni ikki tomonning advokatlari ham so‘zga chiqdi.